Xitoyning Shinjon-uyg‘ur avtonom rayonida robototexnika sohasi jadal rivojlanmoqda. Urumchi shahridagi Iqtisodiy va texnologik rivojlanish zonasida (Tutunxe tumani) joylashgan Shinjondagi ilk 9S robototexnika markazi ko‘plab tashrif buyuruvchilar, xususan, ta’limiy ekskursiyalar va tanishuv safarlariga kelayotgan guruhlar e’tiborini tortmoqda.
Markazda ikkita odamsimon robot torli musiqa asboblarini chalib, barabanlarda kuy ijro etmoqda. Ularning yonidagi yana bir odamsimon robot musiqa ohangiga mos ravishda raqsga tushmoqda. Robot-itlar esa maxsus yaratilgan sun’iy to‘siqlardan chaqqonlik bilan o‘tib, o‘z imkoniyatlarini namoyish qilmoqda.
19-oktabr kuni markaz asoschisi Sun Syukun “China News Service” axborot agentligiga bergan intervyusida mazkur majmua faoliyat boshlaganiga bir oydan sal ko‘proq vaqt bo‘lganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, 9S robototexnika markazi Shinjonda shu paytgacha mavjud bo‘lmagan, robototexnika sohasida keng qamrovli xizmatlar ko‘rsatuvchi yagona platformaga bo‘lgan ehtiyojni qondirmoqda.
Loyihaning umumiy rejalashtirilgan maydoni 3 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Uni amalga oshirish ikki bosqichda olib boriladi.
Xitoyning qator shaharlarida robotlarni sotish, ehtiyot qismlar bilan ta’minlash, sotuvdan keyingi texnik xizmat ko‘rsatish, mijozlar fikr-mulohazalarini o‘rganish, ijaraga berish va individual sozlash kabi xizmatlarni taklif qiluvchi 6S robototexnika markazlari faoliyat yuritmoqda.
Shinjondagi ilk 9S robototexnika markazi esa ushbu xizmatlarga qo‘shimcha ravishda yana uchta yangi yo‘nalishni joriy etdi. Bular ilmiy-ommabop ta’limiy ekskursiyalar, ilmiy-texnik innovatsiyalar sohasida iqtidorli mutaxassislarni tayyorlash hamda brendlarni rivojlantirishdan iborat.
“Ilmiy-ommabop ma’ruzalar orqali men nafaqat Xitoy robototexnika sanoatining rivojlanish tarixi bilan tanishdim, balki turli xil robotlarni mustaqil boshqarish va ularning imkoniyatlarini amalda sinab ko‘rish imkoniyatiga ham ega bo‘ldim. Elektron axborot texnologiyalari yo‘nalishida tahsil olayotganim uchun bu men uchun juda muhim”, — dedi Futszyan provinsiyasidan kelgan, ayni paytda Shinjonda magistratura bosqichida tahsil olayotgan Lyu Szyunlin.
Hozirgi vaqtda 9S robototexnika markazi 25 ta texnologik kompaniya, muassasa va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan.
Markazda odamsimon va bionik robotlarni o‘z ichiga olgan 100 dan ortiq aqlli qurilma hamda texnik uskunalar majmuasi joylashtirilgan. Bu yerda robototexnika mahsulotlarining barcha asosiy toifalari namoyish etilmoqda.
E’tiborlisi, joriy yilda Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topgan kun munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbirlarida 9S robototexnika markazi robotlarni ko‘rgazma maydonlaridan teatr sahnasiga olib chiqdi.
Shinjon xalq teatrida tijorat maqsadlarida foydalanishga mo‘ljallangan, inson bo‘yi bilan teng odamsimon robotlar aktyorlar bilan birgalikda teatr spektaklida ishtirok etdi.
Madaniyat, turizm va robototexnika texnologiyalarini uyg‘unlashtirishga qaratilgan ushbu tajriba muvaffaqiyatli kechib, mingdan ortiq tomoshabinni jalb qildi.
Rejaga ko‘ra, loyihaning birinchi bosqichida 9S robototexnika markazi yiliga 50 mingdan ortiq tashrif buyuruvchini qabul qilishni hamda ta’limiy ekskursiyalarda qatnashadigan 10 mingdan ziyod maktab o‘quvchisiga xizmat ko‘rsatishni mo‘ljallamoqda.
“Biz Shinjonda sun’iy intellektga oid bilimlarni ommalashtirish bo‘yicha muhim markaz hamda ilmiy-texnik innovatsiyalar sohasida yosh iste’dodlarni tayyorlash bazasini yaratishga intilmoqdamiz. Hozirda Shinjondagi bir nechta oliy ta’lim muassasalari bilan universitetlar va korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirib, ta’lim hamda ishlab chiqarish integratsiyasiga ko‘maklashmoqdamiz”, — dedi Sun Syukun.
Shinjon moliya-iqtisodiyot universitetining Axborot boshqaruvi fakulteti Sun’iy intellekt kafedrasi mudiri o‘rinbosari Salaydin Sirojiddinning ta’kidlashicha, markaz nafaqat zamonaviy texnik uskunalarni taqdim etadi, balki mutaxassislar va intellektual resurslarni birlashtiruvchi platforma vazifasini ham bajaradi.
Uning fikricha, mazkur platforma soha vakillariga yangi ishlanmalar yaratish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish va shu orqali robototexnika sanoatini rivojlantirish imkonini beradi.
Nima uchun aynan Shinjon tanlandi?
Markaz asoschisi Sun Syukun bu savolga javoban Shinjonda sanoat va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda robotlardan foydalanishga talab yuqori ekanini ta’kidladi.
Bundan tashqari, mintaqa ishonchli energetika infratuzilmasi va yuqori hisoblash quvvatlariga ega.
Shuningdek, 9S robototexnika markazi robotlarga texnik xizmat ko‘rsatishni standartlashtirish, operatorlarni tayyorlash va sertifikatlash kabi yo‘nalishlarni faol o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Bu esa Xitoyda ishlab chiqarilgan robototexnika mahsulotlari, xizmatlari va texnik standartlarining Markaziy Osiyo bozorlariga kirib borishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ayni paytda 9S robototexnika markazi loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish ustida ish olib bormoqda. Ushbu bosqichda robotlardan foydalanish yo‘nalishlarini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Jumladan, robotlarni energetika infratuzilmasini nazorat qilish, aqlli qishloq xo‘jaligi va sayyohlik navigatsiyasi kabi sohalarga joriy etish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, robotlarni mahalliy sharoitlarga moslashtirish, ular asosida qo‘shimcha texnologik ishlanmalarni yaratish hamda keng miqyosda amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashish nazarda tutilgan.
Bugungi kunda robotlar Shinjonning turli iqtisodiy tarmoqlariga jadal sur’atlarda kirib bormoqda.
Mintaqada “Sun’iy intellekt + o‘ziga xos ustunliklarga ega tarmoq klasterlari” nomli harakatlar rejasi ishlab chiqilgan. Mazkur dastur doirasida qariyb 1300 ta korxonaning raqamli va intellektual transformatsiyasiga ko‘maklashildi.
Urumchi shahrida esa jismoniy muhitda harakatlanib, vazifalarni bajara oladigan sun’iy intellektga asoslangan robotlarni ishlab chiqarish liniyasini barpo etish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.