An’anaviy paxtachilikda raqamli texnologiyalar

XXRning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayonidagi yirik paxtachilik hududlaridan biri bo‘lgan Manas tumanida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining turli bosqichlarida raqamli texnologiyalardan foydalanilmoqda. Sun’iy yo‘ldosh monitoringi, sug‘orish va o‘g‘itlashni boshqarish, shuningdek, ma’lumotlarni tahlil qilish fermerlarga dalalarning holati haqida ma’lumot olish va o‘simliklarning ehtiyojiga qarab qarorlar qabul qilish imkonini bermoqda.

Yaqinda Manas tumanidagi Fanchun fermasida joylashgan Davlat raqamli o‘simlikchilik innovatsion bazasida raqamli qishloq xo‘jaligi platformasining faoliyati namoyish etildi. Tizim qishloq xo‘jaligi yerlarining holati haqidagi ma’lumotlarni real vaqt rejimida yig‘adi va yangilab boradi.

Bazadagi raqamli o‘simlikchilikni kompleks boshqarish tizimi sun’iy yo‘ldosh orqali masofadan zondlash, sug‘orish va o‘g‘itlashni boshqarish, dalalar holatini monitoring qilish, qishloq xo‘jaligi ma’lumotlari platformasi hamda "Xuifenshou" mobil ilovasini birlashtiradi. Tizim ekin maydonlarining holatini kuzatish, qishloq xo‘jaligi ishlarini rejalashtirish va ishlab chiqarish siklining turli bosqichlarida ularni boshqarish imkonini beradi.

Ma’lumotlarni tahlil qilish algoritmlari yordamida tizim ekinlarning ehtiyojlarini baholaydi va paxta yetishtirish bo‘yicha tavsiyalarni shakllantiradi. Bu jarayon tuproqni tayyorlash, ekish va parvarishlashdan tortib, hosilni yig‘ib olishgacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab oladi. Natijada fermerlarning asosan amaliy tajribasiga tayanadigan usullardan bosqichma-bosqich voz kechib, qarorlar qabul qilishda monitoring ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyati kengaymoqda.

Manas tumani Qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlari boshqarmasida raqamli qishloq xo‘jaligi uchun mas’ul Van Syanning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yildayoq tumanning bir nechta shaharcha va qishloqlarida raqamli o‘simlikchilik bo‘yicha tajriba va namoyish loyihalari boshlangan. Ular o‘n minglab mu yer maydonlarini qamrab olgan. Uning ta’kidlashicha, raqamli texnologiyalardan foydalanish yaxshi natijalarni ko‘rsatib, fermerlar orasida ijobiy baholangan.

Manas tumanidagi fermer Chen Szyunning aytishicha, mobil telefon yoki monitoring platformasi yordamida dalalarning holatini real vaqt rejimida kuzatish va sug‘orishni boshqarish mumkin. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu ishlarni yengillashtirib, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi.

"Aqlli qishloq xo‘jaligini rivojlantirish orqali biz hosildorlikni oshirish, shuningdek, resurslardan yanada samarali foydalanish va barqaror rivojlanishga erishishni maqsad qilganmiz", - dedi Van Syan.

So‘nggi yillarda Manas tumanida tuman, shaharcha va qishloq darajalarini qamrab oluvchi uch bosqichli qishloq xo‘jaligi texnik xizmatlari tizimi rivojlantirilmoqda. Hozirda raqamli texnologiyalar 46 ming gektardan ortiq qishloq xo‘jaligi yerlarida qo‘llanilmoqda. Paxtani yetishtirish va yig‘ib olishni mexanizatsiyalash darajasi esa 99 foizga yetgan.

Bazadagi mutaxassislar boshqa xo‘jaliklarda ham qo‘llash mumkin bo‘lgan raqamli o‘simlikchilikni boshqarish modellarini ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishni davom ettirmoqda. Manas tajribasi raqamli texnologiyalar an’anaviy paxtachilikka bosqichma-bosqich integratsiya qilinib, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda qo‘llanilayotganini ko‘rsatmoqda.