Si Szinpin so‘nggi yuz yillikda kuzatilmagan o‘zgarishlar va xalqaro vaziyatdagi beqaror omillar kuchayib borayotgan bir paytda Xitoy hamda AQSH oldida muhim savollar turganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, ikki davlat “Fukidid tuzog‘i”dan chiqib, yirik davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning yangi modelini yarata oladimi, global chaqiriqlarga birgalikda javob qaytarib, dunyoga ko‘proq barqarorlik bera oladimi hamda xalqlar manfaatlari va insoniyat kelajagi uchun Xitoy-AQSH munosabatlarining yorqin istiqbolini birgalikda quradimi — ana shu savollar hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Si Szinpin bu tarix, tinchlik va xalqlar oldidagi masala ekanini, yirik davlatlar rahbarlari bu davr sinoviga birgalikda javob berishi lozimligini aytdi. U Donald Tramp bilan birga Xitoy-AQSH munosabatlari “katta kemasi”ni ishonch bilan boshqarishga tayyorligini bildirib, 2026 yil ikki davlat munosabatlarida tarixiy va muhim yil bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Xitoy rahbari Pekin Vashington bilan barqaror, sog‘lom va uzoq muddatli munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Uning aytishicha, ikki tomon ikki davlat munosabatlarining yangi formati sifatida “Xitoy va AQSHning konstruktiv strategik barqaror munosabatlari”ni belgilashga kelishib olgan. Bu yo‘nalish keyingi uch yil va undan keyingi davr uchun asosiy strategik yo‘nalish bo‘lishi kutilmoqda.
Si Szinpinning ta’kidlashicha, “konstruktiv strategik barqarorlik” quyidagilarni anglatadi:
— hamkorlikka asoslangan ijobiy barqarorlik;
— nazorat qilinadigan raqobat sharoitida sog‘lom barqarorlik;
— kelishmovchiliklar boshqarib turiladigan barqaror munosabatlar;
— tinchlik istiqbolini ta’minlovchi uzoq muddatli barqarorlik.
“Xitoy va AQSHning konstruktiv strategik barqaror munosabatlari — bu shunchaki shior emas, balki bir-biriga qarshi emas, bir-biriga qarab qilingan aniq harakatlardir”, — dedi Si Szinpin.
U, shuningdek, Xitoy-AQSH savdo-iqtisodiy munosabatlarining asosi o‘zaro manfaat va ikki tomon uchun foyda ekanini aytdi. Uning fikricha, kelishmovchilik va ziddiyatlar sharoitida teng huquqli muzokaralar yagona to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Si Szinpin ikki davlat iqtisodiy guruhlari yaqinda muvozanatli va ijobiy natijalarga erishganini ta’kidlab, bu nafaqat ikki xalq, balki butun dunyo uchun yaxshi xabar ekanini bildirdi.
Xitoy rahbari ikki tomon mavjud ijobiy dinamikani birgalikda saqlab qolishi kerakligini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning ochiqlik siyosati yanada kengayib boradi va amerikalik kompaniyalar mamlakatdagi islohotlar hamda ochiqlik jarayonlarida faol ishtirok etmoqda. Pekin AQSH bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Si Szinpin siyosiy-diplomatik va harbiy aloqalar kanallaridan samarali foydalanish, shuningdek iqtisodiyot, savdo, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, turizm, gumanitar almashinuvlar va huquqni muhofaza qilish sohalarida hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Xitoy rahbari Tayvan masalasi Xitoy-AQSH munosabatlaridagi eng muhim masala ekanini alohida qayd etdi. Uning fikricha, bu masala to‘g‘ri hal etilsa, ikki davlat munosabatlarida barqarorlik saqlanadi. Aks holda, to‘qnashuv va hatto mojaro xavfi yuzaga kelishi mumkin.

Si Szinpin “Tayvan mustaqilligi” g‘oyasi Tayvan bo‘g‘ozidagi tinchlik va barqarorlikka zid ekanini aytdi. Xitoy tomoni AQSHni Tayvan masalasiga nisbatan juda ehtiyotkor yondashishga chaqirdi.
Donald Tramp esa Xitoyga davlat tashrifi bilan kelish uning uchun katta sharaf ekanini bildirdi. Uning aytishicha, AQSH–Xitoy munosabatlari yaxshi holatda bo‘lib, Si Szinpin bilan munosabatlari AQSH va Xitoy rahbarlari o‘rtasidagi eng uzoq va eng yaxshi aloqalardan biri hisoblanadi.
Tramp ikki tomon ko‘plab muhim masalalarni hal qilishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi. U Si Szinpinni buyuk lider, Xitoyni esa buyuk davlat deb atab, Xitoy xalqiga katta hurmat bilan qarashini bildirdi.
AQSH prezidenti mazkur uchrashuv butun dunyo e’tiborini tortganini aytdi. U Si Szinpin bilan muloqot va hamkorlikni yanada kuchaytirish, kelishmovchiliklarni to‘g‘ri boshqarish va “tarixdagi eng yaxshi” AQSH–Xitoy munosabatlarini yaratishga tayyorligini bildirdi.

Trampning ta’kidlashicha, AQSH va Xitoy dunyodagi eng muhim va kuchli davlatlar bo‘lib, ularning hamkorligi ikki davlat va butun jahon uchun katta natijalar olib kelishi mumkin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, tashrif davomida unga AQSH biznes doiralarining yirik vakillari hamrohlik qilmoqda. Ular Xitoyni yuqori baholaydi va hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor.
Muzokaralar chog‘ida ikki davlat rahbarlari Yaqin Sharqdagi vaziyat, Ukraina inqirozi, Koreya yarimoroli muammosi hamda boshqa muhim xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
Tomonlar joriy yilda bo‘lib o‘tadigan APEC rahbarlarining norasmiy uchrashuvi va G20 sammiti doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi.

Uchrashuv davomida Donald Tramp Si Szinpinga o‘zi hamrohlik qilgan amerikalik tadbirkorlarni ham tanishtirdi.