11
11

Sho‘rlangan yerlardan rekord darajadagi hosil olindi

22.10.2026 10:00 IPAK YO‘LI 4787 ipaknews.uz

Xitoyning Shinjon-uyg‘ur avtonom rayoni janubidagi Qashg‘ar shahrida yetishtirilgan “Haydao-11” navli sholi sho‘rlanish darajasi o‘rtacha va yuqori bo‘lgan yerlarda gektaridan qariyb 13,03 tonna hosil berib, mintaqada yangi rekord o‘rnatdi.

Mazkur natijalar bir guruh mutaxassislar tajriba maydonida namunalar olib, haqiqiy hosildorlikni baholaganidan so‘ng e’lon qilindi. Hosildorlik ko‘rsatkichlarini aniq hisoblash maqsadida mutaxassislar dalaning maydonini o‘lchab, hosilni yig‘ib oldi. Shundan so‘ng donlar yanchilib, quritildi, tarozida tortildi hamda namlik darajasi aniqlandi.

“Haydao-11” ko‘p yillik seleksiya ishlari natijasida yaratilgan sholining yangi navidir. U tuproq sho‘rlanishi va qurg‘oqchilikka chidamliligi, kasalliklarga qarshi yuqori qarshilik ko‘rsatishi hamda donining sifatli xususiyatlari bilan ajralib turadi.


Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur nav janubiy Shinjonning sho‘rlanish darajasi o‘rtacha va yuqori bo‘lgan yerlarida yetishtirish uchun juda mos keladi. An’anaviy mahalliy sholi navlariga nisbatan “Haydao-11”ni yetishtirish sug‘orish uchun sarflanadigan suv miqdorini 10–15 foizga kamaytirish imkonini beradi.

Qashg‘ar mintaqasi katta yer resurslariga ega. Biroq tuproq sho‘rlanishi uzoq yillar davomida qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga to‘sqinlik qilib kelgan. O‘tkazilgan sinovlar “Haydao-11” navi hatto murakkab tuproq sharoitlarida ham yuqori hosildorlikni ta’minlay olishini tasdiqladi.

Suv va qishloq xo‘jaligi yerlaridan oqilona foydalanish muhim ahamiyat kasb etadigan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun ushbu tajriba amaliy jihatdan katta qiziqish uyg‘otadi.


Sho‘rlanish va qurg‘oqchilikka chidamli ekinlarni yetishtirish unumdorligi past yerlardan yanada samarali foydalanish, hosildorlikni oshirish hamda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qilishi mumkin.