2026-yil fevral oyida Germaniya kansleri Fridrix Mers Xitoyga tashrifi doirasida Chjetszyan provinsiyasining ma’muriy markazi — Xanchjou shahriga bordi. G‘arbiy ko‘l sohilidagi Xuatszyashan qarorgohida Germaniya delegatsiyasi uchun mahalliy oshxona taomlaridan iborat rasmiy tushlik tashkil etildi. Dasturxondan an’anaviy “Dunpo” usulida tayyorlangan cho‘chqa go‘shti va G‘arbiy ko‘l balig‘ining sirkali sousdagi turi o‘rin oldi. Bu ikki taom Tszyannan mintaqasining mashhur gastronomik merosiga kiradi. Tszyannan — Xitoyning Yanszi daryosi quyi oqimining o‘ng sohilida joylashgan tarixiy-geografik hudud bo‘lib, Shanxay, Tszyansu provinsiyasining janubi, Chjetszyan provinsiyasining shimoli, shuningdek, Anxuy va Tszyansi provinsiyalarining ayrim qismlarini qamrab oladi.
Osmantus qo‘shilgan go‘sht
Tushlikning asosiy taomlaridan biri Chjetszyan oshxonasi ustasi Chjan Tszyan tayyorlagan, abalon va osmantus qo‘shilgan “Dunpo” usulidagi cho‘chqa go‘shti bo‘ldi. Ko‘p asrlik tarixga ega ushbu taom to‘rt-besh soat davomida past olovda pishiriladi.
Xorijiy mehmonlarning didini hisobga olgan holda, rasmiy qabul uchun retseptga ayrim o‘zgartirishlar kiritildi. Cho‘chqa go‘shtiga abalon va marinadlangan osmantus qo‘shildi. Ushbu gul Xanchjou shahrining ramzlaridan biri hisoblanadi. Taomning tortilish usuli ham o‘zgartirildi: an’anaviy qozon o‘rniga go‘sht alohida porsiyalarda dasturxonga tortildi. Bu esa mehmonlarga uni pichoq va sanchqi yordamida iste’mol qilish imkonini berdi.

Qisqichbaqa ta’mini eslatuvchi baliq
Yana bir taom — G‘arbiy ko‘l balig‘ining sirkali sousda tayyorlangan turi bo‘ldi. An’anaviy retseptda oq amur baliqidan foydalaniladi. Biroq rasmiy tushlik uchun boshqa chuchuk suv balig‘i — sunkeyuy tanlandi. Mehmonlarga baliqni iste’mol qilish qulay bo‘lishi uchun uning yirik suyaklari oldindan olib tashlandi.
Baliq taxminan 90 daraja haroratda pishiriladi. Tayyorlash usuli va ziravorlarning uyg‘unligi tufayli sous o‘ziga xos, qisqichbaqa ta’mini eslatuvchi mazaga ega bo‘ladi. Bunda taom tarkibida hech qanday dengiz mahsulotidan foydalanilmaydi.
Rasmiy tushlik an’anaviy retseptlarni xalqaro qabul formatiga moslashtirish, ya’ni masalliqlar va taqdimot usulini o‘zgartirgan holda mahalliy oshxonaning o‘ziga xos jihatlarini saqlab qolish mumkinligini namoyish etdi.
Xanchjou 2008-yildan buyon o‘zining gastronomik an’analarini xorijda targ‘ib qilib kelmoqda. Shahar xalqaro auditoriyani mahalliy oshxona bilan bir qatorda choy va ipakchilik madaniyati bilan ham tanishtirmoqda.