2026-yil 18-20-iyul kunlari BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Xitoyning Yunnan provinsiyasiga tashrif buyurdi. U Dali shahrida joylashgan “Yunnan Xiaguan Tuocha Group” korxonasida bo‘lib, presslangan pu-er choyi ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Guterrishning o‘zi choyni tortib ko‘rdi, pressladi va quritishga qo‘ydi. Natijada choy uchun xos bo‘lgan “tuocha” shakli hosil bo‘ldi.
TARIXGA BOY ICHIMLIK
Yunnan choyning muhim kelib chiqish hududlaridan biri hisoblanadi. Fensin uyezdida yoshi 3200 yildan oshgan choy daraxti o‘sadi.
Dali qadimda Choy-ot yo‘lining muhim bekatlaridan biri bo‘lgan. 1902-yilda mahalliy savdogarlar kosa shaklidagi presslangan choy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan.
Bunday shakl amaliy ahamiyatga ega edi: uning pastki qismidagi chuqurcha havo aylanishini yaxshilab, uzoq muddatli tashish vaqtida choyni yaxshi saqlashga yordam bergan. Tuocha ishlab chiqarishning asosiy bosqichlari choyni tortish, bug‘lash, yumshatish, presslash va quritishdan iborat.
2011-yilda syaguan tuochasini ishlab chiqarish an’anasi Xitoyning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
YUNNANDAN YEVROPAGA
Antoniu Guterrish, shuningdek, “fransuz tuochasi” deb ataladigan, xorijda mashhur bo‘lgan Yunnan choyining bir turini ham tatib ko‘rdi.
1975-yilda yetiltirilgan pu-er ishlab chiqarish texnologiyasi ishlab chiqildi. Oradan bir yil o‘tib, fransiyalik tadbirkor Frederik Gampel bu choyni Gonkongda uchratdi. U Yunnanga borib, Fransiyaga yetkazib berish uchun qariyb ikki tonna choyga buyurtma berdi.
Keyinchalik choy Fransiyadagi dorixonalar, sog‘lom oziq-ovqat do‘konlari va supermarketlarda sotila boshlandi. Shundan so‘ng mahsulot Italiya, Germaniya va Belgiya bozorlariga ham chiqdi. 1986, 1987 va 1993-yillarda Barselona, Dyusseldorf va Madrid shaharlarida o‘tkazilgan xalqaro ko‘rgazmalarda oltin medallarni qo‘lga kiritdi.

YANGI BOZORLAR
Vaqt o‘tishi bilan choy savdosining geografiyasi ham o‘zgardi. Ilgari asosiy yo‘nalish Yevropa bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda xorijga yetkazib berishning katta qismi Osiyo davlatlari - Malayziya, Singapur, Janubiy Koreya, Vetnam, Myanma va Tailand hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, Yevropa, AQSH va Avstraliyada ham choyga bo‘lgan talab saqlanib qolmoqda.
Mahsulot shakllari ham xilma-xillashmoqda. An’anaviy tuochadan tashqari, choyli kulchalar, g‘isht shaklidagi choylar, mini-tuocha va boshqa ko‘rinishlar ishlab chiqarilmoqda. Kompaniya atirgul, mandarin va mandarin po‘stlog‘i qo‘shilgan yangi turdagi pu-er choylarini ham tayyorlamoqda.
Presslangan choy ishlab chiqarish an’anasi o‘z rivojini davom ettirmoqda. Unda an’anaviy texnologiyalar saqlab qolinishi bilan birga, mahsulot yangi bozorlar va iste’molchilarning turli didlariga moslashtirilmoqda.