20-may kuni Xitoyga tashrif bilan kelgan Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan jurnalistlar uchun o‘tkazilgan qo‘shma uchrashuvda XXR raisi Si Szinpin bir necha bor “yanada yuqori sifat” degan to‘rt so‘zni tilga oldi. “Yanada yuqori sifatli siyosiy o‘zaro ishonchni mustahkamlash”, “yanada yuqori sifatli o‘zaro manfaatli hamkorlikka turtki berish”, “yanada yuqori sifatli gumanitar aloqalarni rivojlantirish”, “yanada yuqori sifatli xalqaro hamkorlikni kengaytirish” — ushbu yo‘nalishlarning barchasi Xitoy va Rossiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish g‘oyasiga qaratilgan.
Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi yuqori sifatli munosabatlar uchun, avvalo, mustahkam asos zarur. Yillar davomida turli sinovlarga qaramay, siyosiy o‘zaro ishonch ikki davlat munosabatlarining eng muhim xususiyatiga aylandi. Bundan 25 yil avval Xitoy va Rossiya “Yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma”ni imzolagan edi. Shu vaqt davomida ikki davlat unda belgilangan “ittifoqlarga qo‘shilmaslik, qarama-qarshilikka bormaslik va uchinchi davlatlarga qarshi harakat qilmaslik” tamoyiliga qat’iy amal qilib kelmoqda. Bu esa xalqaro adolatni saqlash va yangi turdagi xalqaro munosabatlarni shakllantirishga muhim hissa qo‘shib, global o‘zgarishlar davrida muhim barqaror omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xitoy va Rossiya yetakchilarining bu galgi uchrashuvi davomida siyosiy o‘zaro ishonch yanada mustahkamlandi. Ikki davlat rahbari “Yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma” muddatini uzaytirishga bir ovozdan kelishib oldi hamda har tomonlama strategik hamkorlikni yanada mustahkamlash va yaxshi qo‘shnichilik do‘stligini chuqurlashtirish bo‘yicha qo‘shma bayonotni imzoladi.
“Prezident Putin bilan birgalikdagi strategik rahbarligimiz ostida Xitoy-Rossiya munosabatlari allaqachon yangi bosqichga ko‘tarildi”, — dedi Si Szinpin.
Yuqori sifatli munosabatlar uchun amaliy hamkorlik ham yanada mazmunli bo‘lishi kerak. Aynan amaliy hamkorlik Xitoy-Rossiya munosabatlarining barqaror rivojlanishidagi ichki harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi. So‘nggi yillarda tomonlar “yana bir pog‘ona yuqoriga ko‘tarilish” ruhida barcha sohalardagi hamkorlikni kengaytirib, ko‘plab ijobiy natijalarga erishdi.
Ikki tomonlama savdo hajmi ketma-ket uch yildan beri 200 milliard AQSH dollaridan oshib bormoqda. Joriy yilning dastlabki to‘rt oyida esa savdo aylanmasi qariyb 20 foizga oshdi. Jurnalistlar bilan uchrashuvda Si Szinpin shunday dedi: “Tomonlar mavjud sur’atdan unumli foydalanib, Xitoyning 15-besh yillik rivojlanish rejasi bilan Rossiyaning 2030-yilgacha bo‘lgan taraqqiyot strategiyasini uyg‘unlashtirishi, barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatidan yangilashi va ikki davlatning rivojlanishi hamda tiklanishiga xizmat qilishi kerak”.
Muzokaralardan so‘ng Xitoy va Rossiya yetakchilari iqtisodiyot va savdo, ta’lim, fan va texnologiyalar hamda boshqa sohalarga oid 20 ta hamkorlik hujjati imzolanishiga guvoh bo‘ldi. Savdo va investitsiyalar, energetika va resurslar, transport, ilmiy-texnik innovatsiyalar yo‘nalishlarida amaliy hamkorlik sifatini oshirish, shuningdek ilg‘or sohalarda faol hamkorlikni rivojlantirish — bularning barchasi Si Szinpin ta’kidlaganidek, ikki davlatning o‘zaro taraqqiyoti va umumiy farovonligi uchun keng istiqbollarni namoyon etadi.
Yuqori sifatli munosabatlar uchun xalqlar o‘rtasidagi yaqinlik ham muhim. “Prezident Putin bilan biz joriy va kelgusi yilda o‘ninchi davlat mavzuli yilini — ‘Xitoy va Rossiya ta’lim yillari’ni o‘tkazishga qaror qildik”, — dedi 20-may kuni Si Szinpin. Uning ta’kidlashicha, bu “Xitoy-Rossiya munosabatlarining uzoq muddatli rivojlanishini ko‘zlab qabul qilingan strategik qaror” hisoblanadi.
Ta’lim — xalqlarni bog‘laydigan va avloddan-avlodga do‘stlikni yetkazadigan muhim ko‘prikdir. So‘nggi yillarda Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi ta’lim almashuvlarining ko‘lami va chuqurligi tobora kengaymoqda. “Xitoy va Rossiya ta’lim yillari” esa ikki davlat do‘stligi hamda xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni yanada mustahkamlashga yangi turtki beradi.
Xitoy-Rossiya munosabatlari yuqori darajada rivojlanib borar ekan, gumanitar aloqalar ham tobora mustahkamlanmoqda. Bugungi kunda Xitoy va Rossiya 177 qardosh hudud va shaharlarni tashkil etgan, mavzuli yillarni o‘tkazish esa gumanitar almashinuvlarning yaxshi an’anasiga aylangan. Shuningdek, bir-birining davlatlarida tahsil olayotgan talabalar soni ham muntazam ortib bormoqda.
Bu safar Si Szinpin tomonlar “yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va qo‘shma ilmiy tadqiqotlarda yanada ko‘proq sezilarli natijalarga erishishi, shu orqali Xitoy-Rossiya munosabatlarining uzluksiz rivojlanishi uchun yanada qulay sharoit yaratishi kerak”, deb ta’kidladi.
Yuqori sifatli munosabatlar uchun yanada qat’iy qadamlar ham zarur. Bugungi kunda dunyo misli ko‘rilmagan global o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Bir tomonlama yondashuv va gegemonizm xalqaro tartibga jiddiy zarar yetkazib, dunyoni yana “kuchlilar qonuni”ga qaytarish xavfini tug‘dirmoqda. Insoniyat yangi tarixiy burilish nuqtasida turibdi.
O‘tgan yil may oyida Rossiya OAVlari uchun yozgan mualliflik maqolasida Si Szinpin shunday degan edi: “Xalqaro vaziyat qanchalik beqaror va chalkash bo‘lsa, biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti nufuzini shunchalik qat’iy himoya qilishimiz kerak”. Shuningdek, u: “Dunyoga diktat emas, adolat kerak”, deb ta’kidlagan.
Tarix donolikni saqlaydi, haqiqat esa kuchni chiniqtiradi. Jurnalistlar bilan bu galgi qo‘shma uchrashuvda Si Szinpin: “Xitoy va Rossiya mas’uliyatli yirik davlatlar sifatidagi vazifasini qat’iy bajarishi, BMT nufuzi va xalqaro adolatni himoya qilishi, har qanday bir tomonlama bosim va tarixni ortga qaytarishga urinishlarga qarshi chiqishi kerak”, dedi.
“Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi natijalarini inkor etish, fashizm va militarizmni oqlashga qaratilgan har qanday provokatsion harakatlarga qarshi turish hamda yanada adolatli va oqilona global boshqaruv tizimini shakllantirishga birgalikda ko‘maklashish zarur”, — deya ta’kidladi Si Szinpin.