11
11

MAQOM: AN’ANALARNING ZAMONAVIY OHANGI

12.10.2026 20:30 Dunyo 4863 ipaknews.uz

Kuz kunlaridan birida Shinjon san’at instituti huzuridagi Van Tunsu nomidagi maqom memorial arxiviga kelgan talaba Azamat Abulati nota yozuvlari tushirilgan eski qo‘lyozmalar qarshisida to‘xtadi. U bu yerga tez-tez kelib, maqom san’atining avloddan avlodga qanday yetib kelgani haqida o‘ylaydi.

“Bu yerga tez-tez kelaman. Ushbu notalarga qaraganimda, o‘tmishdagi musiqachilar o‘z san’atini keyingi avlodlarga qanday yetkazganini tasavvur qilaman”, - deydi u.

Uyg‘ur maqomi - qo‘shiq, raqs va cholg‘u musiqasini o‘zida mujassam etgan an’anaviy san’at turi. U bir necha asr davomida shakllangan bo‘lib, YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.

Maqomning asosiy yo‘nalishlari qatoriga “O‘n ikki maqom” turkumi va dolan maqomi kiradi. “O‘n ikki maqom” vokal, cholg‘u va raqs elementlarini birlashtirgan yirik musiqiy turkum hisoblanadi.

1950-yillarda musiqashunos Van Tunsu maqom ijrochiligi an’analarini yozib olish va saqlab qolish maqsadida Shinjon hududiga kelgan. O‘sha davrda bu san’atning ayrim namunalari yo‘qolib ketish xavfi ostida edi. U musiqiy materiallarni to‘pladi, kuylarni o‘rgandi va ularni nota yozuvlariga tushirdi. Keyinchalik ushbu ishlar asosida “O‘n ikki maqom” to‘plami tayyorlandi. Van Tunsu nomidagi memorial arxivda olimning mazkur faoliyati bilan bog‘liq materiallar saqlanadi.

Azamat Abulati Yining shahrida tug‘ilgan. U bolaligidan bayramlar va shahar tadbirlarida maqom kuylarini ko‘p eshitgan. Maktabni tamomlagach, ushbu san’atni professional darajada o‘rganishga qaror qilgan va 2025-yilda Shinjon san’at institutiga o‘qishga kirgan.

Ta’lim dasturidan maqom tarixi, uning musiqiy tuzilishini tahlil qilish, vokal mashg‘ulotlari hamda turli cholg‘u asboblarini o‘zlashtirishga oid darslar o‘rin olgan. Talaba allaqachon universitet konsertlarida chiqish qilgan, maqomga bag‘ishlangan teatr tomoshalarida ham ishtirok etgan. Shuningdek, ushbu musiqiy san’atning tarixi va o‘ziga xos jihatlari haqida hikoya qiluvchi qisqa videolarni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib bormoqda.

“Muqom san’atini yanada ko‘proq odamlarga tanitish uchun qisqa videolar va boshqa zamonaviy formatlardan foydalanmoqchiman”, - deydi Azamat.

Maqom an’analarini ommalashtirishda teatr sahnasi ham muhim o‘rin tutadi. Shinjon san’at teatri qoshidagi Maqom badiiy jamoasi Xitoyning turli hududlarida “Maqomga muhabbat - Van Tunsu” operasi bilan gastrol safarlarida bo‘lmoqda. Ushbu asar ilk bor 2025-yil 11-iyul kuni Urumchi shahrida namoyish etilgan.

Shinjon san’at teatri direktorining o‘rinbosari, Maqom badiiy jamoasi rahbari Dilshat Parxatning ta’kidlashicha, Van Tunsuning mehnati bugungi kunda ham ijro etilayotgan va o‘rganilayotgan ko‘plab musiqiy asarlarni saqlab qolishga yordam bergan.

“Maqomga muhabbat - Van Tunsu” operasi ustida ijodiy jamoa qariyb uch yil ishlagan. Bundan tashqari, jamoa “Maqom taassurotlari” nomli musiqiy-raqs-she’riyat tomoshasini hamda “Maqomning eng sara asarlari - Chabiyat” konsert dasturini tayyorlagan.

So‘nggi yillarda jamoa dunyoning 30 dan ortiq mamlakati va hududida chiqish qilib, uyg‘ur musiqa san’atini xorijiy tomoshabinlarga tanishtirdi. Bugun ham yosh ijrochilar maqomni o‘rganishda davom etmoqda. Konsertlar va teatr tomoshalari esa ushbu qadimiy an’anaga bo‘lgan qiziqishni saqlash va uni yangi avlodlarga yetkazishga xizmat qilmoqda.