Putin Trampning Ukrainaga oid maxsus vakillari bilan uch soatdan ortiq muzokara o‘tkazdi

07.09.2026 19:00 Dunyo 4925 ipaknews.uz

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 5 sentyabr kuni Kreml saroyida AQSh prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuv uch soatdan ortiq davom etdi.

Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar "juda foydali" bo‘lgan. Biroq tomonlar Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha qandaydir aniq kelishuvlarga erishilganini ma’lum qilmagan.

Ushakovning aytishicha, amerikalik vakillar Rossiya tomoniga mojaroni hal qilishning ehtimoliy yo‘llari bo‘yicha bir qator takliflarni taqdim etgan. Biroq u bu takliflarning mazmunini oshkor qilmagan.

Putin yordamchisining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya prezidenti Moskva jang maydonida "haqiqiy taraqqiyot"ga erishayotganini ta’kidlagan va qo‘yilgan maqsadlarga erishilishiga ishonch bildirgan. Shu bilan birga, Putin uning ta’biri bilan aytganda, mojaroning "barcha tub sabablarini" bartaraf etish zarurligini ta’kidlagan.

Ushakov muzokaralar faqat Ukraina mojarosi bilan cheklanib qolmaganini ham ma’lum qildi. Tomonlar iqtisodiy masalalar hamda Rossiya va AQSh o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli yirik loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini batafsil muhokama qilgan.

"Umuman olganda, muzokaralar o‘z vaqtida o‘tkazilgan va har ikki tomon uchun juda foydali bo‘lgan", — dedi Rossiya prezidenti yordamchisi.

Oq uy ham muzokaralarni mazmunli deb baholadi. AQSh ma’muriyati vakili Reuters agentligiga keyingi qadamlar yaqin haftalarda e’lon qilinishini ma’lum qilgan.

Uitkoff va Kushnerning bu tashrifi Tramp nomidan Moskvaga yanvar oyidan beri ilk bor kelishi bo‘ldi. Uchrashuvdan so‘ng ular Rossiya poytaxtini tark etgan. Kutilishicha, 6 sentyabr kuni ular Kiyevda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashishi kerak edi.

Muzokaralarda ishtirok etgan Rossiya prezidentining investitsiyalar bo‘yicha maxsus vakili Kirill Dmitriyev ham amerikalik vakillarning tashrifini "muhim tinchlikparvarlik tashrifi" deb atadi.

Putin Trampning sa’y-harakatlarini e’tirof etdi

Uchrashuv boshida Putin Donald Trampning urushni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlarini alohida yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh prezidenti vaziyatning murakkabligiga qaramay, Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilishga intilishda davom etmoqda.

"U murakkab vaziyatga duch kelayotganini tushungan holda ham, baribir nizoni tartibga solishga ko‘maklashish va Rossiya-Ukraina mojarosini hal etishga o‘z hissasini qo‘shish borasidagi sa’y-harakatlarini to‘xtatmayapti", — dedi Putin.

Trampning o‘zi esa 4 sentyabr kuni AQSh urushni to‘xtatishga qaratilgan yangi taklif tayyorlaganini ma’lum qilgan, biroq tashabbus tafsilotlarini ochiqlamagan.

Muzokaralar boshlanishidan avval Putin Rossiya tomoni amerikalik vakillarning xavfsizligini ta’minlashini ham bildirgan. Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov avvalroq Rossiya prezidenti Amerika delegatsiyasining tashrifi munosabati bilan harbiylarga uch kun davomida Kiyevga zarba bermaslikni buyurganini ma’lum qilgandi.

Moskva va Kiyev kelishuvdan hamon uzoq

Diplomatik aloqalarning qayta tiklanishiga qaramay, Rossiya va Ukrainaning kelishuvning asosiy masalalaridagi pozitsiyalari hamon bir-biridan sezilarli darajada farq qilmoqda.

So‘nggi haftalarda Rossiya va Ukraina uzoq masofalarga ommaviy zarbalar berishda davom etmoqda. Front chizig‘idagi vaziyat esa umuman olganda sekin o‘zgarayotganini ko‘rish mumkin.

So‘nggi kunlarda Rossiya Kiyevga raketa va dronlar orqali hujumlarni kuchaytirdi. Jumladan, juma kuni Ukraina Xavfsizlik xizmati binosiga zarba berildi.

Ukraina esa yoz davomida Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlari, terminallari va yoqilg‘i saqlash obyektlariga zarbalar berdi. Kiyev shu orqali urushni davom ettirishning Moskva uchun iqtisodiy xarajatlarini oshirishni maqsad qilmoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev dushanba kuniga qadar Moskvaga zarba berishdan tiyilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, Moskva o‘zining hududiy va siyosiy talablarini bajarishni talab qilishda davom etmoqda. Kremlga yaqin manba Reuters agentligiga Putin Rossiya qo‘shinlarining oldinga siljishini davom ettirish va Donetsk viloyatining qolgan qismi ustidan nazorat o‘rnatishni maqsad qilganini bildirgan.

Manba bahosiga ko‘ra, Rossiya rahbariyati bu vazifani yil oxirigacha yakunlashga umid qilmoqda. Biroq G‘arb harbiy tahlilchilari Rossiya qo‘shinlarining ilgarilash sur’atlari sekinligi sababli bunday ssenariyni ehtimoldan yiroq deb hisoblamoqda.

Ukraina esa o‘z nazoratidagi hududlarni topshirishdan bosh tortmoqda va bunday talabni amalda taslim bo‘lish sifatida baholamoqda.

Avvalroq Kreml Vladimir Putinning ikki yil avval bildirgan pozitsiyasi o‘zgarmaganini tasdiqlagan edi. Moskva Rossiya da’vo qilayotgan Ukrainaning to‘rt viloyatidagi hududlarning to‘liq Rossiyaga berilishini, shuningdek, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish rejalaridan voz kechishini talab qilmoqda.

Moskvada bo‘lib o‘tgan muzokaralar Rossiya va AQSh o‘rtasidagi diplomatik aloqalar davom etayotganini ko‘rsatmoqda. Biroq hozircha urushni to‘xtatish masalasida jiddiy burilish yuz berganidan darak yo‘q. Vashington vakillari ehtimoliy kelishuvni endi Ukraina tomoni bilan muhokama qilishni davom ettirishi kerak.