Rossiya, Braziliya, Irlandiya, AQSh, Fransiya, Pokiston va boshqa mamlakatlardan 11 kishi “Bir dunyo — bir yurak: bayramni birgalikda qarshi olamiz” nomli madaniy dasturda ishtirok etdi. O‘rta kuz bayrami va Xitoy Milliy bayrami arafasida ular hududning tarixi, an’analari va zamonaviy hayoti bilan tanishdi. Ikki kun davomida ishtirokchilar Fushun va Liaoyang shaharlarida bo‘lib, Memorial muzeyiga tashrif buyurdi, Tyanyushan tog‘iga ko‘tarildi, qishloq hayoti bilan tanishdi va mahalliy aholi bilan birgalikda bayramona kechki ovqat tayyorladi.


Ko‘p yillardan buyon hududda yashab kelayotgan rossiyalik bloger Rojer uchun bu safar Liaoningning kamroq tanilgan jihatlarini ko‘rish imkoniyati bo‘ldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, chet elliklar Shenyang va Dalyanni ko‘proq biladi, safar esa unga hududning xilma-xilligini baholash imkonini berdi.
Liaoyangda ishtirokchilar muzeyga tashrif buyurdi, O‘rta kuz bayrami haqidagi viktorinada qatnashdi va an’anaviy hunarmandchilik turlari — shakar shakllarini tayyorlash, qog‘ozdan naqshlar kesish hamda xitoy rangtasviri bilan tanishdi. Fransiyalik Bu Ayley uchun bu kabi madaniy safar birinchi bor bo‘ldi. Uning ta’kidlashicha, u Xitoyni boshqa tomondan ko‘rish imkoniga ega bo‘ldi va taassurotlarini yaqinlari hamda do‘stlari bilan bo‘lishishni rejalashtirmoqda.

Mehmonlar, shuningdek, Liaoyangning tarixiy obidalarini, jumladan, Guanyusi ibodatxonasi va Oq pagodani tomosha qildi. Shenyang arxitektura universiteti talabasi, pokistonlik Abbos qadimgi Xitoy me’morchiligining o‘ziga xos jihatlariga e’tibor qaratdi. U suratlarni kursdoshlariga ko‘rsatish va shahar tarixi haqida ular bilan bo‘lishmoqchi ekanini aytdi.
Safar Xiaobeyxe qishlog‘ida yakunlandi. Bu yerda paypoq ishlab chiqarish rivojlangan. Ishtirokchilar ishlab chiqarish liniyasi bo‘ylab — to‘qishdan tortib qadoqlashgacha bo‘lgan jarayon bilan tanishdi va O‘rta kuz bayrami mavzusida paypoq dizaynini o‘zlari ishlab chiqdi. Shuningdek, ular mahalliy korxonalar xorijiy bozorlarga chiqish uchun transchegaraviy elektron savdodan qanday foydalanayotganini ko‘rdi.
Ishtirokchilar uchun safar hududning turli jihatlari — tarixiy obidalar, an’anaviy madaniyat, qishloq hayoti va zamonaviy sanoat bilan tanishish imkoniyati bo‘ldi.
Safar yakunlarini sarhisob qilar ekan, rossiyalik bloger Rojer Xitoyda yashagan yillari davomida mahalliy aholi orasida ko‘plab do‘stlar orttirganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ularning e’tibori va mehmondo‘stligi bu yerda o‘zini qulay his qilishiga yordam beradi.