Toshkentda XXXIII "Yangling" agroko‘rgazmasining O‘zbekiston maydonchasi tadbiri bo‘lib o‘tdi

27.08.2026 10:00 IPAK YO‘LI 4310 ipaknews.uz

2026-yil 25-avgust kuni Toshkent shahrida joylashgan Xitoyning (Shensi provinsiyasi) Savdo markazida SHHT Qishloq xo‘jaligi bazasining XXXIII Xitoy "Yangling" qishloq xo‘jaligida yuqori texnologik yutuqlar ko‘rgazmasining O‘zbekiston maydonchasi tadbiri muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Tadbir "Tarmoq afzalliklaridan foydalanish, almashinuv platformasini yaratish va qishloq xo‘jaligida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish" shiori ostida tashkil etildi.

Tadbir tashkilotchilari — Xitoy Xalqaro qishloq xo‘jaligi almashinuvi assotsiatsiyasi va Yangling Exhibition Group Co., Ltd., operatori — Yangling Modern Agriculture International Cooperation Group Co., Ltd., hamkor tashkilotchilar esa Yangling International Trade Cooperation Foreign Investment Co., Ltd. (O‘zbekiston) va Lanbo Feixin Exhibition Group bo‘ldi.

Tadbir Xitoyning "Yangling" qishloq xo‘jaligida yuqori texnologik yutuqlar ko‘rgazmasining xalqaro platformasi hamda SHHT Qishloq xo‘jaligi bazasining resurs imkoniyatlariga tayangan holda tashkil etildi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad Xitoy va O‘zbekiston davlat idoralari, soha uyushmalari hamda qishloq xo‘jaligi korxonalari o‘rtasida agrotexnologiyalar, qishloq xo‘jaligi texnikalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘nalishlaridagi hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Tadbir doirasida Xitoy Xalqaro qishloq xo‘jaligi almashinuvi assotsiatsiyasining xalqaro qishloq xo‘jaligi almashinuvi markazi Toshkentdagi **"Mehmonlar zali"**ning rasmiy ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

"Mehmonlar zali" qishloq xo‘jaligidagi yutuqlarni namoyish etish, texnik tajriba almashish, axborot almashinuvi va biznes muzokaralarini o‘tkazish maydonchasi vazifasini bajaradi. U Xitoy va O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari o‘rtasida doimiy hamkorlik mexanizmini shakllantirib, transchegaraviy hamkorlik uchun barqaror platforma yaratishga xizmat qiladi.

Tadbirda Xitoy va O‘zbekiston vakillari tabrik nutqlari bilan chiqish qildi. O‘zbekiston tomoni mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasidagi resurs salohiyati, tarmoqni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari hamda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida ma’lumot berdi.


Ta’kidlanganidek, qishloq xo‘jaligi ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biridir. Mazkur tadbir va Toshkent xalqaro qishloq xo‘jaligi almashinuvi markazi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, sohaviy loyihalarni amalga oshirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining o‘zaro savdosini rivojlantirishga xizmat qilishi bildirilgan.

Xitoy tomoni esa "Mehmonlar zali"ni tashkil etish konsepsiyasi, uning asosiy vazifalari va kelgusidagi faoliyat rejalari bilan tanishtirdi. "Mehmonlar zali" faoliyati ikki mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasi ishtirokchilarining real ehtiyojlariga yo‘naltirilib, ular o‘rtasida doimiy axborot va biznes aloqalarini ta’minlaydi.

Xitoy Xalqaro qishloq xo‘jaligi almashinuvi assotsiatsiyasi partiya tashkiloti kotibi Chjan Pin keyingi bosqichda "Mehmonlar zali" faoliyatining tizimli va uzoq muddatli mexanizmini yaratish zarurligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Toshkent xalqaro qishloq xo‘jaligi almashinuvi markazining amalda faol va talab yuqori bo‘lgan platformaga aylanishiga yordam beradi.

Ushbu platforma sohaviy hamkorlik, axborot almashinuvi va texnik hamkorlikni rivojlantirib, zamonaviy Xitoy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, uskunalari va mahsulotlarini O‘zbekiston agrar sektorining ehtiyojlari bilan aniq uyg‘unlashtirishga ko‘maklashadi.

Chjan Pinning ta’kidlashicha, "Mehmonlar zali" Xitoy-O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi hamkorligini oddiy savdo munosabatlaridan yanada chuqurroq texnologik almashinuv va sohaviy kooperatsiya darajasiga olib chiqishda bog‘lovchi bo‘g‘in bo‘lishi kerak. Bu ikki tomonning afzalliklarini bir-birini to‘ldirishi va o‘zaro manfaatdorlikni ta’minlash imkonini beradi.

Korxonalar o‘z loyihalarini taqdim etdi

Xitoy va O‘zbekiston korxonalari o‘z loyihalari va yechimlarini taqdim etdi.

Yangling Exhibition Group Co., Ltd. XXXIII "Yangling" agroko‘rgazmasining kompleks ko‘rgazma modelini taqdim etdi. U ko‘rgazma ekspozitsiyasi, qishloq xo‘jaligi xo‘jaliklaridagi namoyish maydonchalari, raqamli onlayn ko‘rgazma hamda xorijdagi maydonchalarni o‘z ichiga oladi. Kompaniya O‘zbekiston davlat idoralari, biznes uyushmalari va korxonalarini ko‘rgazmada ishtirok etishga taklif qildi.

Hebei Chengzhu Machinery Group Co., Ltd. chorvachilik chiqindilarini xavfsiz qayta ishlash va so‘yish mahsulotlaridan kompleks foydalanish texnologiyalari hamda uskunalarini namoyish etdi.

Shaanxi Huahe International Business Consulting Co., Ltd. esa bozor tadqiqotlari, me’yoriy talablarga rioya qilish bo‘yicha maslahat xizmatlari hamda transchegaraviy loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish yo‘nalishidagi xizmatlarini taqdim etdi.

O‘zbekiston korxonalari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini taqdim etdi. Shuningdek, ular zamonaviy Xitoy qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va uskunalarini jalb qilish, O‘zbekiston agro mahsulotlarining Xitoyga eksport kanallarini kengaytirishga qiziqish bildirdi.

Ikki mamlakat vakillari ko‘rgazma maydonini ko‘zdan kechirib, taqdim etilgan qishloq xo‘jaligi texnologiyalari va uskunalari bilan tanishdi.

Shuningdek, ixtisoslashtirilgan biznes uchrashuvlari o‘tkazildi. Unda Xitoy va O‘zbekiston korxonalari vakillari qishloq xo‘jaligi texnikalari va uskunalarini yetkazib berish, chorvachilikda ekologik texnologiyalarni joriy etish, o‘zaro savdo hamda sanoat parklari sohasidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha muzokaralar olib bordi. Uchrashuvlar yakunida hamkorlik bo‘yicha bir qator dastlabki kelishuvlar shakllantirildi.

"Yangling" agroko‘rgazmasining O‘zbekistondagi maydonchasini tashkil etish ko‘rgazmaning SHHT davlatlari bilan xalqaro hamkorlik kanallarini kengaytirdi. Shuningdek, "ko‘rgazma platformasi + doimiy oflayn almashinuv markazi" tamoyiliga asoslangan xalqaro hamkorlikning yangi modeli sinovdan o‘tkazildi.

Natijada Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida texnologik almashinuv, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratildi.

Xitoy Xalqaro qishloq xo‘jaligi almashinuvi assotsiatsiyasi Toshkentdagi xalqaro qishloq xo‘jaligi almashinuvi "Mehmonlar zali" salohiyatidan to‘liq foydalanish hamda muntazam ravishda hamkor izlash tadbirlari, texnik seminarlar va biznes muzokaralarini tashkil etishni rejalashtirmoqda.

Bu Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro tajriba almashinuvi va amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, SHHT doirasidagi qishloq xo‘jaligi hamkorligini sifat jihatidan rivojlantirish hamda mintaqada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shishga xizmat qiladi.