Qozog‘iston va Xitoy «Xorgos» xalqaro chegaraoldi hamkorlik markazi hududida xavfsizlik choralarini kuchaytirish, shuningdek, ikki davlat fuqarolarining milliy haydovchilik guvohnomalaridan foydalanishini soddalashtirishga kelishib oldi. Bu haqda Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligiga tayanib, Zakon.kz xabar berdi.
Kelishuvlar 7-sentabr kuni Pekinda Qozog‘iston Ichki ishlar vaziri Erjan Sadenovning Xitoy jamoat xavfsizligi vaziri Van Syaoxun bilan ishchi uchrashuvi chog‘ida erishildi. Muzokaralar "Markaziy Osiyo - Xitoy" formatidagi ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlari uchrashuvi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Ikki tomonlama uchrashuv yakunida tomonlar "Xorgos" xalqaro chegaraoldi hamkorlik markazi hududida xavfsizlik va huquq-tartibotni ta’minlash masalalarini tartibga soluvchi bitimni imzoladi.
Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligida qayd etilganidek, ushbu hujjat ikki davlat vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy mexanizmlarini yaratish bo‘yicha uzoq davom etgan qo‘shma ishlarning natijasi bo‘ldi. Kelishuv huquqbuzarliklarning oldini olishni samaraliroq tashkil etish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga tezkorroq javob qaytarish va markaz hududida bo‘lgan fuqarolar xavfsizligini ta’minlash imkonini berishi kutilmoqda.
Muzokaralarning yana bir natijasi Qozog‘iston va Xitoyning milliy haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olish va almashtirish bo‘yicha kelishuv bo‘ldi. Bu ikki davlat o‘rtasida safar qiluvchi fuqarolar uchun rasmiyatchiliklarni kamaytirishi kutilmoqda.
Xususan, haydovchilik guvohnomalarini almashtirish tegishli davlat qonunchiligi talablariga rioya qilingan taqdirda, qayta o‘qish va imtihon topshirish talab etilmagan holda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Avvalroq, 26-avgust kuni Qozog‘istonda Xitoy bilan haydovchilik guvohnomalarini o‘zaro tan olish va almashtirish to‘g‘risidagi bitimni imzolash haqidagi hukumat qarori loyihasi e’lon qilingan edi. Hujjat erishilgan kelishuvni amalga oshirish uchun tegishli huquqiy mexanizm yaratishni nazarda tutadi.