Telefon raqami orqali pul oʻtkazish yanada qulaylashadi

Adliya vazirligida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Tezkor toʻlovlar tizimi orqali jismoniy shaxslar oʻrtasida mobil telefon raqami asosida pul oʻtkazmalarini amalga oshirish qoidalari (roʻyxat raqami 3930, 2026-yil 24-avgust) davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Fuqarolar endilikda bank rekvizitlarini kiritmasdan, mobil telefon raqami orqali pul oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻladi.

Buning uchun foydalanuvchining mobil telefon raqami uning bank hisobvaragʻiga bogʻlanadi. Shundan soʻng boshqa shaxsga pul yuborishda uning bank hisobvaragʻi yoki plastik kartasi rekvizitlari shart emas – telefon raqamini kiritishning oʻzi kifoya.

Pul oʻtkazmalari:

— 24/7 rejimida va real vaqt rejimida amalga oshiriladi;

— oʻtkazmani tasdiqlashdan oldin oluvchining F.I.O., banki va vositachilik haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi;

— axborot va kiberxavfsizlik hamda firibgarlikning oldini olish boʻyicha talablar asosida amalga oshiriladi.

— foydalanuvchi telefon raqamini oʻz bank hisobvaragʻiga bogʻlashni istalgan vaqtda bekor qilishi mumkin.

— bir bank doirasida esa bitta mobil telefon raqamini faqat bitta bank hisobvaragʻiga bogʻlashga ruxsat etiladi.

Mazkur tartib fuqarolar uchun pul oʻtkazmalarini tez, sodda va qulay amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi.