XXRning Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Qashg‘ar shahrida "Qashg‘ar — Markaziy va Janubiy Osiyo» xalqaro tovarlar ko‘rgazma-yarmarkasining 16-mavsumi, ya’ni «Kashgar ko‘rgazmasi" o‘z ishini boshladi. Besh kun davom etadigan tadbirda Xitoy hamda 44 ta mamlakat va hududdan qariyb 1 400 ta korxona ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma «Yevrosiyoning oltin yo‘lagini birgalikda yaratish, Ipak yo‘li bo‘ylab hamkorlik imkoniyatlaridan birgalikda foydalanish» shiori ostida o‘tkazilmoqda. Ko‘rgazmaning ko‘lami va xalqaro ishtirok darajasi uning butun tarixi davomida rekord ko‘rsatkichlarga yetdi. Tadbir Qashg‘arning g‘arbga ochilish strategiyasini amalga oshirish hamda «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi doirasida mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiluvchi muhim savdo-iqtisodiy platformaga aylandi.
Joriy yilgi Kashgar ko‘rgazmasida ilk bor ikkita asosiy faxriy mehmon e’lon qilindi. Mamlakatlar orasidan O‘zbekiston, provinsiyalar orasidan esa Guandun faxriy mehmon sifatida tanlandi.
Joriy ko‘rgazmaning asosiy pavilyonida investitsiyaviy hamkorlik va xalqaro savdo kabi yo‘nalishlar o‘rin olgan. Unda to‘qimachilik va kiyim-kechak ishlab chiqarish, madaniyat va turizm, yangi energiya manbalari va materiallar, yuqori texnologiyalar kabi muhim sohalarga alohida e’tibor qaratilgan. Ko‘rgazmada turli xil mahsulotlar keng namoyish etilmoqda, turli mamlakat va hududlardan kelgan tadbirkorlar o‘rtasida faol aloqalar o‘rnatilib, tajriba almashilmoqda.
Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Abror Xidirovning fikricha, Kashgar ko‘rgazmasi Xitoyning ilg‘or qishloq xo‘jaligi texnologiyalari bilan yaqindan tanishish, shuningdek, turli yo‘nalishlarda, xususan, qishloq xo‘jaligi sohasida hududlararo hamkorlikni mustahkamlash imkonini beradi. U bunga misol sifatida Shinjondan Sirdaryoga olib kirilayotgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasini keltirdi. Mazkur texnologiya mintaqadagi qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Kashgar ko‘rgazmasi doirasida Xitoy va xorijiy tadbirkorlar o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan 56 ta savdo-iqtisodiy tadbir ham o‘tkazilmoqda. Ipak yo‘li madaniyatini namoyish etish haftaligi doirasida mehmonlarga nomoddiy madaniy merosning 24 ta obyekti taqdim etilmoqda.
2005-yilda tashkil etilgan Kashgar ko‘rgazmasi Shinjonning «Xitoy — Yevroosiyo» EXPO ko‘rgazmasidan keyingi ikkinchi yirik mintaqaviy xalqaro ko‘rgazmasi hisoblanadi. U Markaziy, Janubiy va G‘arbiy Osiyo mamlakatlari, shuningdek, Yevropa davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Kashgar okrugi bir necha davlat bilan chegaradosh bo‘lib, 2025-yil oxiriga kelib, uning savdo hamkorlari ro‘yxatida 200 dan ortiq mamlakat va hudud qayd etilgan.