35 yillik taraqqiyot: islohotlar samarasi va yangi marralar muhokama qilindi

17.08.2026 16:15 O'zbekiston 2779 ipaknews.uz

Joriy yilning 14-avgust kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan “Mustaqil Oʻzbekiston – 35 yillik taraqqiyot yoʻli: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Oliy Majlis palatalari tashabbusi bilan tashkil etilgan anjuman Adliya vazirligi, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida oʻtkazildi.

Konferensiyada parlament aʼzolari, davlat organlari vakillari, xorijiy davlatlar parlamentlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ekspertlar va ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.

Anjuman davomida Oʻzbekistonning 35 yillik mustaqil taraqqiyot yoʻli, bu davrda amalga oshirilgan siyosiy-huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy islohotlar, ularning natijalari hamda kelgusi ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi.

Ayniqsa, soʻnggi oʻn yillikda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson, uning qadr-qimmati, huquq va erkinliklari hamda farovonligini taʼminlash masalasi turgani alohida taʼkidlandi.

Oliy Majlis Senati Raisi oʻz nutqida soʻnggi oʻn yillikda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaratilgan tub islohotlar davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida yangi yondashuvlarni shakllantirganini taʼkidladi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya va parlament rolini kuchaytirishga qaratilgan oʻzgarishlar qonunchilik hokimiyatining oʻrni va masʼuliyatini yanada oshirgani qayd etildi. Bugun parlament oldida turgan asosiy vazifa esa berilgan vakolatlarning oʻzi emas, balki ular orqali odamlar hayotida aniq natijalarga erishish ekani taʼkidlandi. Bu yondashuv mahalliy Kengashlar faoliyatiga ham bevosita daxldor boʻlib, aholi murojaatlarini eshitish, hudud muammolariga yechim topish va natijadorlikni taʼminlash muhim vazifa sifatida qayd etildi.

Konferensiya ishtirokchilari xalqaro hamkorlik yoʻnalishida Oʻzbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati natijasida Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va amaliy hamkorlik muhiti tobora mustahkamlanayotganini qayd etdi. Shu bilan birga, parlament diplomatiyasining ushbu jarayondagi oʻrni, tajriba almashish hamda umumiy muammolarga birgalikda yechim topish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston parlamentining Parlamentlararo ittifoq, MDH Parlamentlararo Assambleyasi va xorijiy davlatlar parlamentlari bilan hamkorligi izchil kengayib borayotgani alohida taʼkidlandi. Soʻnggi yillarda Toshkentda oʻtkazilgan nufuzli xalqaro parlament anjumanlari mamlakatimizning parlamentlararo muloqotdagi faolligi va parlament diplomatiyasidagi nufuzi ortib borayotganining muhim ifodasi sifatida qayd etildi.

Xususan, Toshkentda Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti, BMT bilan hamkorlikda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning rolini kuchaytirishga bagʻishlangan global forumlar oʻtkazildi. Shuningdek, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi tarixda birinchi marta Markaziy Osiyoda – Toshkent shahrida tashkil etildi. Bu kabi yirik anjumanlarning Oʻzbekistonda oʻtkazilishi mamlakatimizning xalqaro parlamentlararo muloqotdagi oʻrni va nufuzi yuksalib borayotganidan dalolat beradi.

Ushbu yoʻnalishdagi hamkorlik joriy yilning 4–6-sentabr kunlari Samarqandda Oʻzbekiston parlamenti va Parlamentlararo ittifoq hamkorligida yosh parlament aʼzolarining XII global konferensiyasi oʻtkazilishi bilan davom ettiriladi. Mazkur anjuman yosh parlament aʼzolarining xalqaro muloqoti va tajriba almashishi maydoni sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, bugun parlamentlarga kirib kelayotgan yosh avlod ertaga nafaqat milliy siyosat, balki xalqaro parlamentlararo muloqotning ham yangi qiyofasini belgilaydi.

Konferensiya doirasida ishtirokchilar shoʻbalarga boʻlingan holda mamlakat taraqqiyotining ustuvor yoʻnalishlariga oid masalalarni muhokama qildi. Xususan, konstitutsiyaviy islohotlar va parlamentarizmni rivojlantirish, iqtisodiy transformatsiya va investitsion jozibadorlikni oshirish, ekologik barqarorlik hamda “yashil” iqtisodiyot tamoyillarini keng joriy etish, shuningdek, parlament islohotlarining istiqboldagi ustuvor vazifalari yuzasidan amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Tadbirda kelgusi taraqqiyotning muhim omillari sifatida zamonaviy bilim va texnologiyalar, sunʼiy intellekt va raqamlashtirish, yuqori daromadli ish oʻrinlari yaratish, inson kapitalini rivojlantirish hamda hududlar oʻrtasidagi imkoniyatlar tafovutini kamaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Konferensiya yakunida bildirilgan fikr, taklif va tavsiyalar asosida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Unda parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, qonunchilik tajribasi almashinuvini kengaytirish va qoʻshma tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan muhim vazifalar belgilandi.