Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Surxondaryolik mehnat faxriysi Abdusattor Qurbonovning choʻllarni oʻzlashtirib, dehqonchilikni rivojlantirishga qoʻshgan hissasi haqiqiy qahramonlik sifatida eʼtirof etildi.
Bekobod metallurgiya kombinatida uzoq yillardan buyon poʻlat erituvchi vazifasida ishlayotgan Gʻulomjon Turonovning “Xizmat koʻrsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangani butun metallurglar mehnatining eʼtirofidir.
Paxtachilik va gʻallachilikda yuksak natijaga erishib, oʻz maktabini yaratgan namanganlik Ilhom Ziyovuddinov, ipak qurtini bahor, yoz va kuz mavsumida parvarishlab, yuqori hosil olayotgan buxorolik pillakor Jamila Xudoyberdiyeva, chorvachilikda ilgʻor texnologiya va zamonaviy yondashuvlarni joriy qilayotgan qoraqalpogʻistonlik Esenbay Aytimuratov hamda suv yoʻqotishlarini kamaytirishga hissa qoʻshayotgan samarqandlik irrigator Aslanqul Karimqulovning xizmatlari ham munosib baholandi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasini bezatgan usta-naqqosh Sattorxoʻja Toʻxtaxoʻjayevga “Xizmat koʻrsatgan quruvchi” faxriy unvoni berildi.
Prezidentimiz davlat mukofotini olgan har bir insonning mehnati va koʻrsatgan jasorati alohida eʼtirofga munosib ekanini taʼkidladi.
Shu kunlarda joylarda unvon, orden va medallarni qabul qilib olayotgan yurtdoshlarimizga ham samimiy tabriklar aytildi.
Mukofotlanganlar orasida islohotlarni qoʻllab-quvvatlab, yurtimizga katta-katta sarmoya va zamonaviy texnologiyalarni olib kelayotgan xorijlik hamkorlar borligi qayd etilib, ularga ham minnatdorlik bildirildi.
Mamlakatimiz yetakchisi mukofotlarni oʻz egalariga tantanali ravishda topshirdi.
— Koʻksingizga yarashib turgan yuksak unvon, orden va medallarga odamlar havas bilan qaraydi, yoshlarimiz sizlarga oʻxshashga intiladi. Bu sizlarga kelgusi ishlaringizda yangi kuch-gʻayrat va ilhom beradi deb ishonaman, — dedi davlatimiz rahbari marosim yakunida.