Markaziy Osiyo: gender tenglik boʻyicha parlamentlar muloqoti

Oliy Majlis Senati aʼzolari Jamila Bobanazarova va Malika Qodirxonova Bishkek shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari ishtirokida submintaqaviy uchrashuvda ishtirok etdi.

Mazkur muloqot xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikni taʼminlash hamda gender zoʻravonlikka qarshi kurashishda parlamentlar rolini mustahkamlashga bagʻishlandi.

Tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Ozarbayjon va Gruziya parlamentlari vakillari ishtirok etib, qonunchilikni takomillashtirish, profilaktika va ijtimoiy himoya mexanizmlarini kuchaytirish boʻyicha oʻzaro tajriba almashdilar.

Uchrashuv davomida gender tenglik nafaqat ijtimoiy adolat, balki barqaror taraqqiyot, inson kapitali va iqtisodiy raqobatbardoshlikning muhim omili ekani alohida taʼkidlandi.

Tadbir yakunida xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikni taʼminlash hamda gender zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha parlamentlararo hamkorlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan deklaratsiya qabul qilindi.