Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan muhim qonun maʼqullandi

Senatning15-yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga bola huquqlarining kafolatlarini yanada kuchaytirishga hamda tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson qadrini ulugʻlashga, ayniqsa xotin-qizlar va bolalarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan tizimli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3

Mazkur Qonun ana shu islohotlarning mantiqiy davomi boʻlib, unda “bolaning eng ustun manfaatlari” tushunchasining huquqiy maqomi belgilanmoqda va u bolaga taalluqli har qanday masalani hal etishda ustuvor mezon sifatida qayd etilmoqda.

Oila kodeksiga kiritilayotgan tegishli oʻzgartirishlar bilan oilada bola manfaatiga oid har qanday masala koʻrilayotganda bola oʻz fikrini erkin ifoda etish huquqiga ega ekanligi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish boʻyicha davlat organlarining vakolatlari ham kengaytirilmoqda.

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3

Jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligiga tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini koʻzlab, sudlarga davlat boji toʻlamasdan ariza, shikoyat va daʼvolar taqdim etish, sud majlislarida oʻzining vakolatli vakili orqali ishtirok etish huquqi berilmoqda.

Bundan tashqari, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarni maxsus markazlarga joylashtirish bilan bogʻliq ijtimoiy kafolatlar aniqlashtirilib, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchining maxsus markazga joylashtirilganligiga bir oydan ortiq boʻlmagan davri unga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqasini berish uchun asos boʻlishi nazarda tutilmoqda.

Gallery 1
Gallery 2
Gallery 3
Gallery 4

Senatorlar taʼkidlaganidek, mazkur Qonun bolalar va xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilishda yangi bosqichni boshlab berib, jamiyatda insonparvarlik va ijtimoiy adolat tamoyillarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.