Jahon banki Oʻzbekistonga gaz sizib chiqishini bartaraf etish mexanizmini yaratish uchun grant ajratdi

Jahon banki Oʻzbekistonga 10,6 mln dollar miqdorida grant ajratilishini maʼqulladi. Mablagʻlar eskirgan gaz transporti infratuzilmasidagi gaz sizib chiqishini kamaytirish hamda mamlakatdagi uy xoʻjaliklari va sanoat korxonalarini taʼminlash uchun tabiiy gazni tejab qolishga yoʻnaltiriladi. Bu haqda Jahon banki matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi energetika xavfsizligini mustahkamlashga, davlat daromadlarini oshirishga va qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratishga xizmat qiladi.

“Oʻzbekistonning gaz transporti infratuzilmasi texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlashga yetarlicha investitsiya kiritilmagani sababli vaqt oʻtishi bilan eskirgan, bu esa gaz sizib chiqishi va moliyaviy yoʻqotishlarga olib kelmoqda. Zarur ishlar amalga oshirilmasa, 2030-yilga borib umumiy yoʻqotishlar 1,75 mlrd kub metr gazni tashkil etishi mumkin, bu esa 228 mln dollar miqdoridagi boy berilgan daromadga tengdir”, — deyiladi xabarda.

Jahon bankining Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy direktori Naji Benhasinning taʼkidlashicha, gaz transporti tizimi samaradorligini oshirish gaz yoʻqotishlarini kamaytirish va shu orqali Oʻzbekiston aholisi hamda biznesi uchun mamlakatda ishlab chiqarilgan va hamyonbop energiyani koʻproq yetkazib berish imkonini beradi. Tarmoqlardagi sizib chiqishlarni kamaytirish resurslarning qoʻshimcha tejalishini va sezilarli iqtisodiy afzalliklarni taʼminlaydi.

“Oʻzbekistonda gaz sizib chiqishini bartaraf etish mexanizmini yaratish” loyihasi “Oʻztransgaz” davlat kompaniyasi tomonidan boshqariladigan gaz transporti tarmoqlarida aksariyat sizib chiqishlarni aniqlash va bartaraf etish jarayonlarini yoʻlga qoʻyishga yordam beradi.

2029-yilga kelib, taʼmirlash ishlari tufayli har yili taxminan 47,5 ming metrik tonna gaz sizib chiqishining oldi olinishi va ushbu hajm isteʼmolchilar hamda tadbirkorlik subyektlariga yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Yoʻqotishlarning kamayishi, shuningdek, qariyb 18 mln dollar miqdoridagi mablagʻni tejash imkonini beradi.

Ajratilgan mablagʻlarning katta qismi gaz sizib chiqishini aniqlash va bartaraf etish boʻyicha uzoq muddatli chora-tadbirlarga sarflanadi. Bu “Oʻztransgaz” tizimining samarali va ishonchli ishlashini taʼminlaydi.