Oʻzbekistonning Ispaniyadagi elchisi Farrux Tursunov Madrid shahrida joylashgan, sut mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash sohasida dunyoga mashhur “Exclusivas La Cota (Cortenvas)” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda.
45-yillik tajribaga ega va “Grupo Trepal” tarkibiga kiruvchi ushbu korxona ishlab chiqaruvchilar, yirik chakana savdo tarmoqlari hamda HoReCa sektori uchun professional texnologik yechimlar taqdim etishi bilan tanilgan.
Tashrif davomida elchi korxona asoschisi va direktori Senen Fernandes bilan muzokaralar oʻtkazdi. Farrux Tursunov kompaniyaning ishlab chiqarish liniyalari, mahsulotlarni boʻlaklash va qadoqlash jarayonlari hamda Ispaniyaning zamonaviy texnologik yechimlari bilan yaqindan tanishdi. Qayd etilishicha, ushbu texnologiyalar mahsulot sifatini Yevropa standartlari darajasida saqlash va yuqori samaradorlikka erishish imkonini beradi.
Uchrashuv yakunlariga koʻra, tomonlar ikki tomonlama manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar. Xususan, Oʻzbekistonda pishloq mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash boʻyicha Ispaniyaning eng yangi texnologiyalarini joriy etish, oʻzbekistonlik ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan pishloq mahsulotlarini Ispaniya va Yevropa bozorlariga yetkazib berish istiqbollarini oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Oʻzbekiston va Ispaniya oʻrtasidagi tovar aylanmasini oshirish va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha bir qator oliy darajadagi uchrashuvlar oʻtkazilgan edi.