Zominda oʻtkazilgan ikkinchi Xalqaro maqom sanʼati anjumani yakunlandi. Gʻoliblik uchun jahonning oʻn oltita davlatidan 95 nafar maqom ijrochilari bellashdi. Xalqaro tanlov ishtirokchilari chiqishlarini xalqaro hayʼat aʼzolari baholab bordi. Xalqaro anjumanning soʻngi kunida yopilish marosimi va turli nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Foto: Uza.uz
O‘zbekiston milliy axborot agentligi tomonidan xabar qilinishicha, hakamlar hayʼati xulosasiga koʻra, 3-oʻrinni (ansambl jamoasi) Xitoyning “Shinjon” badiiy teatri “Maqom” badiiy guruhi va (yakkaxon ijrochi) – Hindiston Ali Amjad Xon egalladi. 2-oʻrinni (ansambl jamoasi) – Oʻzbekiston Maqom markazi Jizzax hududiy boʻlim maqom ansambli va (yakkaxon ijrochi) – Turkiya Chidem Gurdal qoʻlga kiritdi. 1-oʻrin (ansambl jamoasi) – Oʻzbekiston – Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi Yunus Rajabiy nomidagi maqom xonandalari ansambli va (yakkaxon ijrochi) – Tojikiston – Tojikiston milliy konservatoriyasi guruhi solisti Xurshid Ibrohimzoda sazovor boʻldi. Anjumanining bosh sovrini – Gran-pri Eron “Fors” ansambli solisti Ali Asgʻar Arabshohiyga nasib etdi.
Foto: Uza.uz
Shuningdek, anjuman doirasida faol ijrochilarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish maqsadida taʼsis etilgan “Eng yaxshi maqom xonandasi”, “Eng yaxshi maqom sozandasi”, “Eng yaxshi maqom ustozi”, “Eng yaxshi maqom targʻibotchisi”, “Eng yaxshi yosh maqomchi”, “Eng yaxshi maqom bastakori” kabi nominatsiyalar boʻyicha ishtirokchilar Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Jizzax viloyati hokimligining ragʻbatlantiruvchi sovgʻa va mukofotlari bilan taqdirlandi.
Gʻoliblarni Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev taqdirlashdi.
Shu bilan birga anjumanning har bir ishtirokchisiga “Xalqaro maqom sanʼati anjumani ishtirokchisi” sertifikati taqdim etildi.