Senatda Vengriyaning Oʻzbekistondagi elchisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

Uchrashuv davomida ikki davlat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, taʼlim, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida tajriba almashish, shuningdek, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Joriy yilning 21-yanvar kuni Senatda Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Baxrom Abdullayev hamda Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Alisher Agzamxodjayev Vengriyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yojef Rodj bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Suhbat davomida Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, ikki davlat parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, taʼlim, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida tajriba almashish, shuningdek, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida oʻzaro hamkorlikni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Uchrashuv doirasida iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish kabi masalalar boʻyicha qator takliflar ilgari surildi hamda hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan qoʻshma loyihalar va tadbirlarni tashkil etishga kelishib olindi.