Mamlakatimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonining birinchi bosqichi rasman boshlandi.

Senatorlar aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonida faollik namoyon etmoqda

Bugun, 15-yanvardan eʼtiboran mamlakatimizda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish jarayonining birinchi bosqichi rasman boshlandi. Ushbu muhim davlat ahamiyatiga molik tadbirda senatorlar ham faol ishtirok etmoqda.

Jumladan, senatorlar census.stat.uz rasmiy veb-sayti orqali OneID yagona identifikatsiya tizimi yordamida onlayn tarzda ro‘yxatdan o‘tmoqda. Shubhasiz, xalq vakillarining faolligi davlat organlari va jamoatchilik uchun namuna bo‘lib, fuqarolarni mazkur tadbirda ishtirok etishga undaydi.

Maʼlumki, birinchi bosqich doirasida 15–31-yanvar kunlari fuqarolarga Internet orqali mustaqil ravishda o‘zlari va oila aʼzolari haqidagi maʼlumotlarni kiritish imkoniyati yaratilgan. Onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayoni nafaqat mamlakat ichida, balki xorijda vaqtincha bo‘lib turgan vatandoshlarimiz uchun ham qulay sharoit yaratmoqda.

Senatorlar aholini ro‘yxatga olish kelgusi 10–20 yil mobaynida mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, barcha fuqarolarni ushbu jarayonda faol ishtirok etishga chaqirmoqda. Chunki aholining yosh tarkibi, taʼlim darajasi, bandligi, migratsiya jarayonlari hamda daromad manbalari bo‘yicha shakllantiriladigan yagona maʼlumotlar bazasi davlat siyosatini samarali yuritishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, onlayn ro‘yxatdan o‘tish tartibi bo‘yicha videoqo‘llanma ushbu havola https://www.youtube.com/watch?v=emOwotRVK4c&t=224s orqali taqdim etilgan.