“Oʻzgidromet”: Oʻzbekistonga sovuq antitsiklon kirib kelmoqda

Kunduzgi haroratlar ham pasayib, tungi va ertalabki soatlarda sovuq kuchayadi.

Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”
Foto: Muhsin Umurzoqov / “Xalq soʻzi”

Oʻzbekiston hududiga sovuq havo massalari kirib kelmoqda. Bu haqda “Oʻzgidromet” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ushbu jarayon bosqichma-bosqich boʻladi va antitsiklon kirib kelish davrida atmosferada havo almashinuvi zaiflashadi. Natijada, atmosfera havosida ifloslovchi moddalar va mayda zarrachalarning (PM2,5/PM10) toʻplanishi kuzatilishi mumkin, bu esa havo ifloslanishi koʻrsatkichlarining oshishiga olib keladi. Bu jarayon 3 kun davomida saqlanib turadi.

Soʻng 16-17-yanvar kunlariga borib respublika boʻylab deyarli barcha hududlarda havo harorati pasayadi. Kunduzgi haroratlar ham pasayib, tungi va ertalabki soatlarda sovuq kuchayadi.

Shu bilan birga, antitsiklon natijasida yogʻingarchilik boʻlishi ham prognoz qilinmoqda. Ayrim hududlarda yomgʻir yoki qor koʻrinishida qisqa muddatli yogʻingarchiliklar qayd etiladi. Yogʻingarchiliklar va shamol natijasida atmosferada toʻplanib qolgan mayda zarrachalar yuvilishi hamda atmosfera havosi sifati yaxshilanishiga bir oz muddat sababchi boʻlishi kutilmoqda.