Jizzax shahrida voyaga yetmagan qiz (maktab oʻquvchisi) mashina urib ketishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Qayd etilishicha, voqea 2025-yilning 7-dekabr kuni roʻy bergan. Ogʻir tan-jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan qiz oradan 13 kun oʻtib, 20-dekabrda vafot etgan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hodisa haydovchi tomonidan yoʻl harakati qoidalari buzilishi natijasida sodir etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchi qonunga muvofiq tartibda ushlangan. Hozirda jinoyat ishi boʻyicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.