Noqonuniy qum-shagʻal aralashmasini kovlagan fuqarolar 33 million soʻm jarimaga tortildi

Jami 33 million soʻm miqdorida jarima hamda tabiatga yetkazilgan zarar undirish belgiland

Holat Toyloq tumani Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boʻlimi davlat inspektorlari tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi kuzatuv reyd tadbiri davomida aniqlandi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Bosh boshqarma matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, Oʻray–Elipok mahalla fuqarolar yigʻini hududidan oqib oʻtuvchi Dargʻom kanali boʻyida shu atrofda istiqomat qiluvchi fuqaro E.A. oʻz boshqaruvidagi maxsus texnika vositasi yordamida qum-shagʻal aralashmasini noqonuniy ravishda qazib olib, yuk tashuvchi avtotransport vositalarga ortib kelayotgani maʼlum boʻldi.

Mazkur huquqbuzarlik holati yuzasidan qonunchilikka muvofiq tegishli tartibda chora koʻrildi. Xususan, fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 70-moddasi tegishli qismlari asosida maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jami 33 million soʻm miqdorida jarima hamda tabiatga yetkazilgan zarar undirish belgilandi.

Qayd etilishicha, suv havzalari va ularga tutash hududlarda qum-shagʻal materiallarini ruxsatsiz qazib olish atrof-muhitga jiddiy zarar yetkazishi bilan birga, ekologik muvozanatning buzilishiga sabab boʻladi. Shu bois bunday holatlarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishi davom ettiriladi.