Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim chegara bojxona postlari faoliyati tugatilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bojxona qoʻmitasi mazkur xabarlarni rad etib, vaziyat yuzasidan tushuntirish berdi.
Qayd etilishicha, Prezidentimizning 2025-yil 17-dekabrdagi “Bojxona maʼmuriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish hamda samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-250 son Farmoni bilan quyidagi 6 ta bojxona posti va punktida sinov tariqasida 2026-yil 31-dekabrga qadar avtotransport vositalarining koʻzdan kechiruvi chegara qoʻshinlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan:
• “Bobotogʻ” bojxona punkti;
• “Uchtoʻrgʻon” chegara bojxona posti;
• “Pop” chegara bojxona posti;
• “Rovot” chegara bojxona posti;
• “Rishton” chegara bojxona posti;
• “Bekobod avto” chegara bojxona posti.
Taʼkidlanishicha, bu ushbu bojxona postlari tugatilishini emas, balki bir birini takrorlovchi funksiyalarning qisqartirilishi hisobiga ayrim bojxona nazorati tartib-taomillari chegara qoʻshinlariga oʻtkazilishini anglatadi.