Fargʻonada tez tibbiy yordam xodimlari uchun zamonaviy oʻquv markazi ish boshladi

Yangi markazda yil davomida 7 ming nafardan ziyod xodimning ilmiy-amaliy mahoratini yuksaltirish rejalashtirilgan

Respublika tez tibbiy yordam markazining Fargʻona filialida xodimlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlashga ixtisoslashgan yangi oʻquv markazi oʻz faoliyatini boshladi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Jahon andozalariga mos, eng soʻnggi rusumdagi asbob-uskunalar bilan jihozlangan mazkur markazda nafaqat Fargʻona viloyati, balki butun Fargʻona vodiysidagi tez tibbiy yordam sohasi mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish koʻzda tutilgan. Yangi markazda yil davomida 7 ming nafardan ziyod xodimning ilmiy-amaliy mahoratini yuksaltirish rejalashtirilgan boʻlib, oʻquv jarayonida Janubiy Koreya tajribasidan keng foydalaniladi.

Shu maqsadda Fargʻona vodiysining har bir viloyatidan toʻrt nafardan soha vakili Janubiy Koreyada malaka oshirib keldi. Ular zamonaviy oʻquv-uslubiy jihozlardan foydalanish hamda tez tibbiy yordam sohasidagi ilgʻor yondashuvlar boʻyicha amaliy tajriba orttirdi.
Oʻquv markazi ochilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tantanali tadbirda Fargʻona viloyati hokimligi, viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi, Respublika tez tibbiy yordam markazi vakillari hamda koreyalik mutaxassislar ishtirok etdi.