Samarqand viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi maʼlumotlariga koʻra, Pastdargʻom tumani “Parchaqora” mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan fermer xoʻjaligi dalasining chetki qismida bir necha yil oldin ekilgan 10 tup tol daraxti “Mangʻitobod” MFYda yashovchi fuqaro I.N. tomonidan hech qanday tegishli ruxsatlarsiz noqonuniy tarzda kesib tashlangani aniqlandi. Natijada daraxtlarga oʻsishdan toʻxtamas darajada jiddiy shikast yetkazilgan. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Mazkur holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismiga asosan bayonnoma rasmiylashtirilib, 10 million 300 ming soʻm miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllanildi. Shuningdek, tabiatga yetkazilgan zarar uchun 12 million 360 ming soʻm hisoblandi.