Fargʻonada 850 milliard soʻmlik qurilish loyihalari amalga oshirildi

Renovatsiya dasturi doirasida 1 ming 262 ta oila yangi koʻp qavatli uylarga koʻchib oʻtdi

Foto: xs.uz
Foto: xs.uz

Oʻtgan yili Fargʻona viloyatida 10,1 mingdan ortiq xonadonli 221 ta koʻp qavatli uylar qurilib, foydalanishga topshirildi. Qurilish-bunyodkorlik ishlarining izchil rivojlanishi natijasida keyingi sakkiz yil davomida viloyatda qariyb 31 ming xonadondan iborat zamonaviy uy-joylar oʻz egalariga topshirildi. Shuningdek, 2024-yilda Renovatsiya dasturi doirasida 1 ming 262 ta oila yangi koʻp qavatli uylarga koʻchib oʻtdi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Investitsiya dasturi doirasida esa viloyatdagi 114 ta ijtimoiy soha obyektida qariyb 850 milliard soʻmlik qurilish va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Jumladan, 9 ta shahar va 20 ta shaharchaning bosh rejasi tasdiqlanib, amaliyotga joriy etildi. Ayni paytda ushbu hududlarda aholi uchun qulay, zamonaviy yashash muhitini yaratish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Kuni kecha Fargʻona viloyatida qurilish-bunyodkorlik sohasi xodimlarining oʻtgan yil sarhisobiga bagʻishlangan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda yil davomida amalga oshirilgan ishlar, joriy etilgan yangi innovatsiyalar va erishilgan yutuqlar eʼtirof etildi. Shu bilan birga, mavjud kamchilik va muammolar tanqidiy tahlil qilinib, joriy yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.

Tantanali tadbirda 20 dan ortiq nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblar aniqlanib, ular munosib ragʻbatlantirildi.