Samarqand — millionlab sayyohlarni jalb etayotgan turizm markazi

Oʻtgan yil mobaynida viloyatda 3 789 oʻrinli 228 ta mehmonxona, xostel va oilaviy mehmon uylari tashkil etildi.

2025-yilning oʻtgan 11 oyi davomida Samarqand viloyatiga 3 million nafardan ziyod xorijiy va 5,5 million nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurdi. Natijada sayyohlarning oʻrtacha qolish muddati 2,5 kundan 3 kunga yetkazilib, turizm xizmatlari eksporti hajmi 606 million dollarga yetdi.

Oʻtgan yil mobaynida viloyatda 3 789 oʻrinli 228 ta mehmonxona, xostel va oilaviy mehmon uylari tashkil etildi. Shuningdek, Samarqandning turistik brendi va dizayn kodi ishlab chiqilib, 50 dan ortiq madaniy-koʻngilochar tadbirlar hamda festivallar oʻtkazildi. Turizm salohiyati yuqori boʻlgan Urgut tumanidagi Tersak va Omonqoʻton, Nurobod tumanidagi Oqsoy mahallalariga “turizm qishlogʻi” maqomi berildi.

Viloyatning boy turistik salohiyatini xalqaro maydonda keng targʻib etish maqsadida turizm sohasi vakillari tomonidan dunyoning oʻndan ziyod davlatlarida targʻibot tadbirlari tashkil etildi. Shuningdek, 20 ga yaqin mamlakatning nufuzli ommaviy axborot vositalari vakillari hamda yirik turizm kompaniyalari xodimlari uchun Samarqand viloyati boʻylab info-turlar uyushtirildi. Natijada 600 milliondan ziyod auditoriya qamrab olindi.

Shuningdek, Chorchinor mahallasini turizm qishlogʻiga aylantirish rejalashtirilgan boʻlib, 25 million dollar investitsiya mablagʻlari hisobidan zamonaviy ovqatlanish maskanlari, kanat yoʻli, ekouylar, oʻtovlar, mehmonxona, servis va savdo obyektlari barpo etiladi. Natijada 300 dan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratiladi.Bundan tashqari, Bulungʻur tumanida 25 gektar maydonda dam olish maskanlarini tashkil etish uchun boʻsh turgan yer maydonlari auksionga chiqarilmoqda. Ushbu hududda ekoturizm, rekreatsion, gastronomik, madaniy-koʻngilochar xizmatlar, restoranlar, tematik parklar hamda “eko qishloq” loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.