Navoiy viloyati Tomdi tumanida ichida 47 nafar yoʻlovchisi boʻlgan avtobus agʻdarilib ketdi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hodisa yuzasidan maʼlumot berdi.
Maʼlum qilinishicha, voqea bugun, 5-yanvar kuni soat 7:40 larda Tomdi tumani “Tomdibuloq” OFY hududidan oʻtgan A-379 “Navoiy-Uchquduq” xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻlining 167-168 kilometrlari oraligʻida sodir boʻlgan.
Dastlabki surishtiruvlarga koʻra, salonida 47 nafar yoʻlovchisi boʻlgan “Zhong Tong Bus” rusumli avtobusni “Zarafshon-Navoiy” yoʻnalishi boʻylab boshqarib borayotgan 40 yoshli haydovchi Sh.X. rul boshqaruvini yoʻqotib, yoʻnalishi boʻyicha yoʻlning oʻng tomoniga chiqib ketib agʻdarilib ketgan.
Hodisa oqibatida yoʻlovchi sifatida ketayotgan 2 nafar fuqaro olgan tan jarohatlari bilan voqea joyida vafot etgan. Yana 9 kishi turli darajadagi tan jarohatlari bilan tibbiyot muassasalariga yotqizilgan.
Qayd etilishicha, hozirda vaziyatni toʻliq oʻrganish, jabrlanganlar va ularning oila aʼzolariga yordam koʻrsatish hamda ogʻir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida Navoiy viloyati IIB tomonidan voqea tafsilotlari oʻrganilmoqda.