Yaqinda yangidan qurilgan zamonaviy binoda faoliyat boshlagan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filialida Turkiyadan kelgan mutaxassislar ishtirokida toʻrt kun davomida aholi uchun turli yoʻnalishlar boʻyicha bepul tibbiy koʻriklar oʻtkazildi.
Markaz tashabbusi bilan spina bifida hamda ogʻir neyral nuqsonlarga ega boʻlgan ikki nafar chaqaloqda noyob jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Maʼlumki, spina bifida — homila umurtqa pogʻonasining toʻliq yopilmasligi natijasida kelib chiqadigan tugʻma nuqson hisoblanadi. Ushbu xastalikni chaqaloq tugʻilgan ilk kunlarda jarrohlik yoʻli bilan bartaraf etish mumkin. Shu paytga qadar mamlakatimizda bunday murakkab jarrohlik amaliyoti amaliyotga joriy etilmagan edi.
Mazkur jarrohlik amaliyotlariga markaz hamda xorijiy tibbiy muassasalar oʻrtasida tuzilgan hamkorlik memorandumlari doirasida Germaniya va Shveysariyada malakasini oshirgan, ayni paytda Turkiyaning yirik tibbiyot muassasalaridan birida faoliyat yuritayotgan taniqli neyroxirurg Ibrohim Alatas jalb etildi.
Jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli oʻtkazilib, kelgusida bunday amaliyotlarni doimiy ravishda amalga oshirish rejalashtirilmoqda.