Yangi yil bayrami hech bir xonadonda dasturxon bezatishsiz oʻtmaydi. Shu bois ham bayram arafasida bozorlarimizda oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talab odatdagidan bir necha bor ortishi tayin.
Shu bois ham mamlakatimizda bayramlar oldidan asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining savdo yarmarkalarini tashkil etish anʼanaga aylangan.
Qarshi shahridagi “Yerqoʻrgʻon” dehqon (oziq-ovqat) bozorida ham arzonlashtirilgan savdo yarmarkasi uchun zarur rastalar ajratilib, bu yerda hududdagi fermer va dehqon xoʻjaliklari oʻzlari yetishtirgan mahsulotlarni keltirib sotishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda Qashqadaryo viloyatidagi barcha dehqon (oziq-ovqat) bozorlari hamda yirik savdo markazlarida ham arzonlashtirilgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yarmarkalari tashkil qilinib, ularda goʻsht, tuxum, yogʻ, poliz, sabzavot mahsulotlari va boshqa sarxil meva-chevalar sotilyapti.