Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida Oliy Majlisi Senati, Qonunchilik palatasi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Toshkent davlat agrar universiteti hamda O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi hamkorligida “Global iqlim o‘zgarishi sharoitida oziq-ovqat va mahsulotlar xavfsizligini taʼminlash orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda senatorlar va deputatlar, vazirlik va idoralar masʼullari, olimlar, oliy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilari, xalqaro va nodavlat tashkilotlar vakillari, shuningdek, agrar sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislar ishtirok etdi.
Konferensiyada global iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tizimlariga taʼsiri, mahsulotlar xavfsizligini taʼminlashda ilm-fan va innovatsiyalarning o‘rni, barqaror agrotexnologiyalarni joriy etish, resurslardan oqilona foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, iqlim o‘zgarishi sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, ayollarning agrar sohadagi faolligini oshirish, ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga tatbiq etish orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Tadbir yakunida bildirilgan fikr va mulohazalar asosida tegishli xulosa va takliflar ishlab chiqilishi qayd etildi.