Jomboy tumanidagi Noʻsh mahallasi “Open byudjet” loyihasining birinchi mavsumida ishtirok etib, 1 milliard 500 million soʻm mablagʻni qoʻlga kiritgan edi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Mazkur mablagʻlar hisobidan mahalla hududida “Nuroniylar choyxonasi”, “Yoshlar guzari” hamda mahalla binosi qurilishi toʻliq yakunlanib, foydalanishga topshirildi.
Yangi bunyod etilgan obyektlarning tantanali ochilish marosimida qurilish ishlarida faol ishtirok etgan, fidoyilik koʻrsatgan yurtdoshlarga minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, ushbu inshootlarda aholi, nuroniylar hamda mahalla “yettiligi” vakillari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgani alohida taʼkidlandi.
Qayd etilishicha, “Open byudjet” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan bunday tashabbuslar mahallalarda ijtimoiy muhitni yaxshilash, fuqarolarning faolligini oshirish va jamoatchilik hamjihatligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.