Ogʻirligi 7,7 kilogramm boʻlgan oltin quymalarning Oʻzbekistondan noqonuniy olib chiqilishiga chek qoʻyildi, deb xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
Maʼlum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona qoʻmitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi xodimlari hamkorligida Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, “Doʻstlik” chegara bojxona posti yaqinida Fargʻona viloyatida yashovchi, 1994-yilda tugʻilgan T.T. toʻxtatilib, unga tegishli xoʻjalik qopi xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan.
Natijada, qop ichidagi 3 dona temir qoplamali avtomobil ehtiyot qismlari maxsus vositalar yordamida boʻlaklarga ajratilganda, ularning ichiga jami 7 kg 784 g oltin boʻlaklari yashirilgani aniqlangan.
Baholash xulosasiga koʻra, ushbu oltin quymalarning umumiy qiymati 12 mlrd 465 mln 795 ming soʻmni tashkil etadi.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur fuqaro Toshkent shahridan yuborilgan oltinlarni Qirgʻiz Respublikasida qabul qilib oladigan shaxsga yuk avtotransport vositalari haydovchilari orqali bojxona nazoratidan yashirgan holda yetkazishi kerak boʻlgan.
Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari doirasida ushbu qimmatbaho metallni haqiqiy egalarining shaxsini aniqlash boʻyicha choralar koʻrilmoqda.