Qoʻqonlik tabib 10 sutkaga qamaldi

Sudning qaroriga koʻra I.S.ga 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda bemorlarni silash orqali davolashi bilan mashhur boʻlgan Qoʻqonlik tabib 10 sutkaga qamaladigan boʻldi. Bu haqda Fargʻona viloyati Sudi matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, Jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudining 2025-yil 17-dekabrdagi qarori bilan xalq tabobati bilan shugʻullanuvchi fuqaro I.S. (1971-yilda Fargʻona viloyatida tugʻilgan) Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 59-5-moddasi (xalq tabobati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish) 3-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan.

Sudning qaroriga koʻra I.S.ga 10 sutka maʼmuriy qamoq jazosi qoʻllanilgan.

Birinchi instansiya sudining qarori ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Fargʻona viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼatiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi maʼlum qilindi.

Eslatib oʻtamiz, fuqaro I. S. 2025-yil 10-yanvar kuni jinoyat ishlari boʻyicha Qoʻqon shahar sudining qaroriga muvofiq Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 59-5-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilib, unga nisbatan BHMning 20 baravari miqdorida maʼmuriy jarima jazosi qoʻllanilgan edi.