Toshkent shahrida 15-17-dekabr kunlari Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining “Inson qadr-qimmati, ijtimoiy adolat va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lida hamkorlik” mavzusida uchinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 100dan ziyod parlament rahbarlari va aʼzolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, diplomatik korpus vakillari hamda ommaviy axborot vositalarining xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish doirasida “Milliy meros” nomli xalq amaliy sanʼati ko‘rgazmasi hamda respublika milliy-madaniy markazlarining badiiy ko‘rgazmalari ham tashkil etildi.
Tadbir dasturidan yalpi majlis hamda ikki tematik sessiya o‘rin oldi. Ular doirasida iqtisodiy hamkorlik, raqamli transformatsiya va sanoatni rivojlantirish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik tashabbuslarni amalga oshirishda parlamentlarning o‘rni masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari tahliliy markazlari va ilmiy doiralari vakillarining parlament faoliyatini ilmiy-tahliliy jihatdan taʼminlash masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi doirasida Senat Raisi, Qonunchilik palatasi spikerining parlament rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlari ham o‘tkazildi.
Yalpi majlis davomida parlamentlararo hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini qamrab olgan Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari raislari uchinchi yig‘ilishining Qo‘shma deklaratsiyasi qabul qilindi.
Xususan, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, ijtimoiy himoya, gender tenglik va inson huquqlarini ilgari surish, taʼlim, fan, madaniy-gumanitar almashinuv sohalarida hamkorlkni faollashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Raisi U Von Sik O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston Davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma ratifikatsiyasini tarixiy ahamiyatga ega voqea sifatida baholadi.
O‘zbekistonning sunʼiy intellekt sohasida mintaqada yetakchi o‘rin egallayotgani alohida taʼkidlandi. Mamlakatda 5 million mutaxassisni sunʼiy intellekt sohasida tayyorlashga qaratilgan keng ko‘lamli dastur amalga oshirilayotgani qayd etilib, bu O‘zbekistonning strategik qarashlarini aks ettirishi va Markaziy Osiyoda zamonaviy texnologiyalarga barqaror talabni shakllantirayotganiga eʼtibor qaratildi.
Muhokama davomida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasida hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish, mintaqada barqaror rivojlanishni taʼminlash, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashish masalalari dolzarbligi qayd etildi.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari delegatsiyalari Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi va uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi o‘zaro ishonch, ochiq muloqot va amaliy hamkorlikni yana-da mustahkamlash samarali maydoniga aylangani ishtirokchilar tomonidan eʼtirof etildi.