Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan xorijiy davlatlar va Koreya Respublikasi parlament aʼzolari Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi yirik tarixiy-maʼrifiy majmua bo‘lib, uning faoliyati islom sivilizatsiyasining boy ilmiy va maʼnaviy merosini asrab-avaylash, har tomonlama o‘rganish va jahon hamjamiyatiga namoyon etishga qaratilgan.
Mehmonlar “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” hamda “Yangi O‘zbekiston - Yangi Renessans” ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Parlament aʼzolariga Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk mutafakkirlarning jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan hissasi haqida so‘zlab berildi. Shuningdek, Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar kai tarixiy davrlarga oid noyob qo‘lyozmalar, osori-atiqalar va manbalar namoyish etildi.