Davlat xizmatlarini koʻrsatish sifati aholi tomonidan baholanadi

Hukumat qarori bilan nizom tasdiqlandi.

Hukumat qarori (792-son, 16.12.2025-y.) bilan “Davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini aholi tomonidan baholash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi. Bu haqida “Huquqiy axborot” Telegram-kanaliga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Nizomga koʻra, quyidagilar vakolatli organlarning davlat xizmatlarini koʻrsatish sifati va samaradorligini aholi tomonidan baholashning asosiy mezonlari hisoblanadi:

  • xizmat koʻrsatish sifati;
  • xizmatning oʻz vaqtida koʻrsatilgani;
  • xizmatdan foydalanish imkoniyati.

Shuningdek, baholovchi davlat xizmatidan foydalanganidan soʻng maxsus QR-kodni skaner qilib, belgilangan mezonlar asosida 1 dan 5 gacha oʻz bahosi va fikrlarini qoldirishi mumkin boʻladi.

Qoldirilgan 3 yoki undan past baho hamda salbiy fikrlar davlat xizmatlarining sifatini yaxshilash maqsadida vakolatli organlar hamda Adliya vazirligiga avtomatik tarzda yuboriladi.

Bunda mazkur holatlarga sabab boʻlayotgan shart-sharoitlar vakolatli organlar tomonidan oʻrganilib, ularni bartaraf qilish choralari koʻriladi.

Bundan tashqari, baholash natijalari yaxshilanishiga erishilmaganda, Adliya vazirligi tomonidan masʼul xodimlarni davlat xizmatlari koʻrsatishdan chetlashtirish masalalarini koʻrib chiqish boʻyicha vakolatli organga taqdimnoma kiritiladi.

Baholash natijalariga koʻra davr, vakolatli organ va hududlar (viloyatlar va tuman (shahar) kesimida reyting shakllantirilib, har chorak, yarim yil va yil yakuni bilan keyingi oyning 15-sanasiga qadar YAIDXPda eʼlon qilib boriladi.