Fargʻonada AQSHning Pitsburg universiteti ixtisoslashgan maktablari filiali tashkil etiladi

Pitsburg universiteti yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlaridan biri hisoblanadi.

Ayni paytda Fargʻona shahridagi Central Asian Medical universiteti dunyoning rivojlangan mamlakatlari bilan tibbiyot sohasida faol ilmiy-amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻygan.

Ushbu oliy taʼlim muassasasida taʼlim jarayoni jahon tibbiyotida qoʻllanayotgan ilgʻor tajriba va zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etilgan boʻlib, nazariy bilimlar amaliy mashgʻulotlar bilan uygʻun holda olib borilmoqda. Shu maqsadda universitet huzurida oʻnlab ixtisoslashgan davolash-profilaktika klinikalari hamda zamonaviy tashxis laboratoriyalari faoliyat yuritmoqda.

Universitet rektori Nurillo Mamasodiqov boshchiligidagi delegatsiya bir necha bor Amerika Qoʻshma Shtatlarida boʻlib, qator nufuzli oliy taʼlim muassasalari va tibbiyot markazlari bilan hamkorlik toʻgʻrisida kelishuvlar imzoladi. Xususan, Pitsburg, Vebster, Franklin, Olbani universitetlari hamda bir qator yirik tibbiyot muassasalari bilan hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgan.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Pitsburg universiteti 1787-yilda tashkil etilgan boʻlib, AQSHning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlaridan biri hisoblanadi. Universitet tarkibida 16 ta ixtisoslashgan maktab va kollej faoliyat yuritadi.