Oʻzbekistonda bukmekerlik xizmatlarni targʻib qiluvchi 70 ga yaqin sayt bloklandi. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, qoʻmita tomonidan qimor va tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni targʻib qilishga qaratilgan veb-saytlar yuzasidan doimiy oʻrganish va tahlillar olib borilmoqda.
Xususan, joriy yilning oʻtgan davri mobaynida amalga oshirilgan ishlar natijasida bukmekerlik xizmatlarni targʻib qiluvchi 86 ta veb-saytni bloklash boʻyicha Tegishli nazorat organiga maʼlumotlar kiritilib, shundan 70 ga yaqin saytlar belgilangan tartibda bloklangan.
“Qoʻmita tomonidan bu yoʻnalishdagi monitoring ishlari tizimli davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Maʼlumot uchun, “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 46-moddasida qimor oʻyinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar, shu jumladan telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek internet jahon axborot tarmogʻidan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor oʻyinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlar reklamasiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan.