Gulistondagi portlash yuzasidan 3 kishi qamoqqa olindi

Olgan tan jarohatlari natijasida 3 nafar fuqaro vafot etgan.

Guliston shahridagi oshxonada sodir boʻlgan portlash yuzasidan 3 kishi qamoqqa olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 2-dekabr kuni soat 10:50 larda Guliston shahri Taraqqiyot mahallasi hududida joylashgan “Bek Family Cafe” MChJga qarashli umumiy ovqatlanish shoxobchasi oshxonasida mavjud boʻlgan oʻchoqqa yongʻin xavfsizligi qoidalariga zid ravishda ulangan 50 litr hajmdagi suyultirilgan propan gaz ballonidan sizib chiqqan uglevodorod gazi va havo aralashmasining chaqnashi oqibatida portlash yuzaga kelgan.

Oqibatda, jami 29 nafar fuqarolar turli darajadagi kuyish jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Sirdaryo viloyati filialiga yotqizilgan. Olgan tan jarohatlari natijasida 3 nafar fuqaro vafot etgan.

Bemorlardan 5 nafarining ahvoli qoniqarli boʻlgani sababli tibbiy yordam koʻrsatilib, uylariga javob berilgan, qolgan bemorlarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda.

IIV matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 192¹¹-moddasi 1-qismi, 257-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari va 259-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, “Bek Family Cafe” MChJ mansabdor shaxslarining 3 nafari protsessual tartibda qamoqqa olingan.

Hozirda Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari – IIV huzuridagi Tergov departamenti boshligʻi Ramazon Ashropov boshchiligida hamkor idoralarning mutaxassislaridan tashkil topgan tergov guruhi tomonidan barcha zaruriy tergov harakatlari amalga oshirilmoqda.

“Tergov jarayoni nazoratga olingan boʻlib, yakuniga koʻra qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi hamda jamoatchilikka axborot beriladi”, deyiladi IIV xabarida.