O‘zbekiston parlament delegatsiyasining Vengriyaga tashrifi yakunlandi

Delegatsiya a’zolari Budapeshtdagi yirik farmatsevtika korxonalari, iqtisodiy infratuzilma bilan ham tanishish imkoniga bo‘ldi.

Joriy yilning 1-3-dekabr kunlari Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Vengriyada rasmiy tashrif bilan bo‘ldi.

Tashrif doirasida parlament delegatsiyasi Vengriya Prezidenti Tamash Shuyok bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning so‘nggi yillarda sezilarli darajada rivojlanib borayotgani, o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlarning strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani ta’kidlandi. Shuningdek, 2026 yil O‘zbekiston va Vengriya madaniyat, fan va innovatsiyalar yili deb e’lon qilinishi munosabati bilan ikki mamlakatda o‘tkaziladigan yirik tadbirlar rejasi ham muhokama qilindi.

Delegatsiya Vengriya Milliy Assambleyasi Raisi Laslo Kyover bilan ham uchrashdi. Parlamentlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalari mustahkamlanib borayotgani, savdo hajmining barqaror o‘sishi, qo‘shma investitsiya loyihalari, sanoat kooperatsiyasi va madaniy-gumanitar aloqalarning kengayishi alohida qayd etildi. Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Vengriya Milliy Assambleyasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

Delegatsiya a’zolari “O‘zbekiston-Vengriya” biznes tadbirida ishtirok etdi. Tadbir doirasida Vengriyaning HEPA agentligining O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha vakolatxonasi rasman o‘z faoliyatini boshladi. Mazkur agentlik O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiya aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tashrif mobaynida parlament delegatsiyasi Vengriyaning yirik 4iG kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Gellert Yaszai bilan ham uchrashdi. Uchrashuv yakunida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish, investitsiya va texnologiya loyihalari, IT infratuzilmasi, telekommunikatsiya, kosmik texnologiyalar, raqamli xizmatlar va sun’iy yo‘ldosh kuzatuvi masalalari muhokama qilindi. Qo‘shma loyihalarni davom ettirish va axborot almashuvini yo‘lga qo‘yishga kelishib olindi.

Delegatsiya a’zolari Budapeshtdagi yirik farmatsevtika korxonalari, iqtisodiy infratuzilma bilan ham tanishish imkoniga bo‘ldi.

Shuning bilan O‘zbekiston parlament delegatsiyasining Vengriyaga rasmiy tashrifi yakunlandi.