Senatda “Konstitutsiya oyligi” doirasida “Ochiq eshiklar kuni” o‘tkazildi

Muloqot jarayonida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga senator va mutaxassislardan javob oldilar

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida “Konstitutsiya oyligi” munosabati bilan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari, mahalliy Kengash deputatlari, mahalla raislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir doirasida Senatning konstitutsiyaviy vakolatlari, qonun ijodkorligi jarayoni, qonunlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash tartibi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Ishtirokchilar Senat binosidagi yalpi majlislar zali, qo‘mita majlislari xonalari, kutubxona, muzey, Media-markaz faoliyati va ish jarayoni bilan tanishdilar.

Shuningdek, senatorlar Konstitutsiyaning yangi tahririda belgilangan asosiy tamoyillari, milliy qonunchilikni takomillashtirish yo‘nalishlari, parlament faoliyatining huquqiy asoslari bo‘yicha ma’ruzalar taqdim etishdi.

Muloqot jarayonida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga senator va mutaxassislardan javob oldilar.

“Ochiq eshiklar kuni” huquqshunoslar, yoshlar va jamoatchilik uchun Senat faoliyatini o‘rganish, davlat boshqaruvi va qonun ijodkorligi jarayonlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi.