Surxondaryoda suv taʼminoti tizimi yangilanmoqda: xizmat avtomobillari topshirildi

2017-yilda hududda markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 47,1 foizni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda ushbu koʻrsatkich 67 foizga yetgan

Surxondaryo viloyatida suv taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish ishlari doirasida “Surxondaryo suv taʼminoti” AJning Termiz shahri, Denov va Sherobod tuman boʻlimlariga yangi “Onix” yengil xizmat avtomobillari topshirildi. Bu haqda "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2017-yilda hududda markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 47,1 foizni tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunda ushbu koʻrsatkich 67 foizga yetgan. Ayni paytda “Toʻpalang–Termiz” mega loyihasining ikkinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 1,7 million aholiga barqaror ichimlik suvi yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.

— Soʻnggi yillarda soha xodimlari uchun yaratilayotgan sharoitlar xizmat sifatini oshirishga bevosita taʼsir qilmoqda, — deydi “Surxondaryo suv taʼminoti” AJ Sherobod tumani boʻlimi boshligʻi Komil Eshonqulov. — Yangi xizmat mashinalari muammolarga tezkor yetib borish, avariyalarni bartaraf etish va aholini uzluksiz ichimlik suvi bilan taʼminlash imkoniyatlarimizni yanada kengaytiradi.

Shu kuni “Shimoliy darvoza” suv ishlab chiqarish va tarqatish inshootida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida boʻsh yer maydoni tekislanib, hududga 500 tup archa koʻchatlari ekildi.