Markaziy Vyetnamda kuchli yomgʻirlar oqibatida yuzaga kelgan toshqinlar va koʻchkilarda halok boʻlganlar soni 90 nafarga yetdi, yana 12 kishi bedarak yoʻqolganlar roʻyxatida. Bu haqda TASS Vyetnamning Dambalarni boshqarish va tabiiy ofatlarning oldini olish departamentiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Eng koʻp zarar Daklak, Kxanxoa, Zyalay va Lamdong provinsiyalarida qayd etilgan. Ushbu hududlarda 1,1 mingdan ortiq xonadonlar, maktablar va maʼmuriy binolar vayron boʻlgan yoki jiddiy zarar koʻrgan.
Suv toshqinlari milliy darajadagi avtomobil yoʻllarining 24 ta qismining suv ostida qolishiga va shikastlanishiga olib kelgan. Bu esa avtomobil va temiryoʻl qatnovining jiddiy izdan chiqishiga sabab boʻlgan.
Vyetnam hukumati toshqin oqibatlarini imkon qadar tez bartaraf etish, aholining hayotini xavfsiz taʼminlash va talafotlarni kamaytirish boʻyicha zarur choralarni koʻrmoqda.