Toshkentdagi yana bir koʻcha asfaltlash ishlari sabab yopiladi

Bektemir tumani Ohangaron shoh koʻchasi hamda Husayn Boyqaro koʻchalarini bogʻlovchi Rohat 1-tor koʻchasi avtomobil harakati uchun vaqtinchalik yopiladi.

Toshkentdagi yana bir koʻcha taʼmirlash ishlari olib borilayotgani tufayli vaqtincha yopiladi. Bu haqida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.

Unda aytilishicha, yoʻllarda 2-bosqich asfaltlash ishlari olib borilishi sababli Bektemir tumani Ohangaron shoh koʻchasi hamda Husayn Boyqaro koʻchalarini bogʻlovchi Rohat 1-tor koʻchasi (suratdagi xaritada keltirilgan) avtomobil harakati uchun vaqtinchalik yopiladi.

“Shu munosabat bilan, mazkur yoʻldan harakatlanuvchi haydovchilarga aylanma yoʻllardan foydalanishni tavsiya qilamiz. Keltirilgan noqulaylik uchun uzr soʻraymiz”, deyiladi boshqarma xabarida.