Afgʻonistonda sodir boʻlgan kuchli zilzila oqibatida kamida 20 kishi halok boʻldi, 300 dan ortiq odam jarohatlandi, bu haqda “Reuters” mamlakat Sogʻliqni saqlash vazirligiga tayanib "Xalq so‘zi" nashri veb sayti xabar berdi.
Samangon viloyati hokimiyati maʼlum qilishicha, zilzila togʻ koʻchishiga sabab boʻlgan. Natijada Balx—Samangon yoʻlining Toshqoʻrgʻon darasidan oʻtuvchi qismi toʻliq yopilib qolgan.
Zilzila oqibatida Mashhur “Koʻk masjid” (Blue Mosque) joylashgan Mozori Sharif shahri ham zarar koʻrdi. Xavfsizlik xizmati xodimlarining aytishicha, masjidning ayrim koshinlari va minoralari qulab tushgan, biroq gumbaz ichki qismi va asosiy ustunlarga jiddiy putur yetmagan.
Yevropa–Oʻrta yer dengizi seysmologiya markazi maʼlumotiga koʻra, 6,3 magnitudali zilzila kecha tunda Afgʻoniston markazida qayd etilgan.
Oʻzbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi zilzila epitsentri Samangon hududida joylashganini maʼlum qildi.
Zilzila tebranishlari nafaqat Oʻzbekistonda, balki Turkmaniston, Tojikiston, Qirgʻiziston, Pokiston, Eron va Hindistonda ham sezilgan.